Saylash har bir kishining huquqiy burchi
Saylov kunida yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar o‘z huquqidan foydalanib muddatidan oldin ovoz bermoqda.
Saylov kunida yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar o‘z huquqidan foydalanib muddatidan oldin ovoz bermoqda.
Farg‘ona viloyatida tuzilgan 1 ming 51 ta saylov uchastkasida saylovchilar muddatidan oldin ovoz berishlari uchun barcha qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Hozirga qadar mingdan ziyod fuqaro o‘z fuqarolik huquqidan foydalangan bo‘lsa, bugun ham bu jarayon yuqori saviyada davom ettirilmoqda.
Jumladan, Toshloq tumanidagi “Zarkent” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi G‘ulomjon Hojiev ham saylov kuni chet elda bo‘ladi. Shu sababli, muddatidan oldin o‘zi tanlagan nomzodlarga ovoz berdi. O‘zi yashaydigan hududda tashkil etilgan 545-saylov uchastkasiga ariza bilan murojaat qilib, saylash huquqidan foydalandi.
– Mamlakat kelajagiga, yurtimizda amalga oshirilayotgan siyosiy jarayonlarga befarq bo‘lmagan har bir inson saylovlarda, albatta, ishtirok etishi shart deb hisoblayman, – deydi G‘.Hojiev. – Garchi saylov kunida boshqa yurtda bo‘lsam-da, o‘zim munosib deb bilgan nomzod uchun ovoz berganimdan xursandman.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 113-Toshloq okrugida ham saylovlarga muhim tayyorgarlik ko‘rildi. Mazkur hududda 58 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan bo‘lib, 135 mingdan ziyod saylovchilar ro‘yxatga olingan. Saylov uchastkasi xonalari qonunchilikda belgilangan talablar asosida jihozlangan. Ayni kunlarda deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqotida ham teng sharoitlar yaratib berilmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, bugungacha 65 nafar kishi muddatidan oldin ovoz berdi.
– Ma’lumki, saylovlar huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatining muhim belgisi hisoblanadi, – deydi okrug saylov komissiyasi raisi Rahimjon Gulmirzaev. – Bugun mamlakatimizda demokratik tamoyillarga va xalqaro andozalarga mos keladigan saylov tizimi shakllantirildi. Endilikda bu saylov tizimi dunyoning ko‘plab boshqa mamlakatlarida ham e’tirof etilmoqda. Ilgarilari ham ko‘plab saylovlarni o‘tkazishda bosh bo‘lganman. Ammo yangi qabul qilingan Saylov kodeksidagi yangiliklar bu muhim siyosiy tadbirga shaffoflik va yangicha yondashuv bag‘ishlayapti. Asosiysi, joriy yildagi saylovlarga yurtdoshlarimiz ham katta qiziqish bildirmoqda.