Islom azaldan ma’rifatparvar, tinchlikparvar, ezgulik dini sanalgan. Diniy va milliy an’analar uyg‘unlashib ketgan xalqimiz tabiatida o‘zgalarga ezgulik, muruvvat, saxovat qo‘lini uzatish azaldan oliy fazilat sanalgan. Oylarning sultoni sanalmish muqaddas mohi Ramazon oyida mamlakatimizda ezgu amallar, xayrli va savobli yumushlar, ibratli sa’y-harakatlar ko‘lami tobora kengayib borayotgani e’tiborlidir.
Aslida ham mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida aholini kuchli ijtimoiy himoyalash, odamlarni ko‘p yillar mobaynida o‘ylantirib kelayotgan muammolarga yechim topish, ayniqsa ehtiyojmand, ko‘ngli yarim insonlarga ko‘maklashish, ularga dalda bo‘lish borasidagi ezgu amallar har bir yurtdoshimizning hayotida, taqdirida o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. Zero, saxovat, muruvvat, himmatibalandlik, yaxshiliklarga xayrixohlik bizlarga Payg‘ambar alayhissalomdan merosdir.
Islohotlarning ijtimoiylashuvi, odamiylik, insonparvarlik, xalqparvarlik davlatimiz rahbarining har bir ezgu tashabbuslarida mujassam ekani xalqaro miqyosda ham yuksak e’tirof etilmoqda, ibrat sifatida tan olinmoqda.
Jumladan, shu yilning 17 fevral kuni Yurtboshimiz Buxoro viloyatiga tashrifi jarayonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Holiqnazarovning kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand, ko‘makka muhtoj oilalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni Umra ziyoratiga yuborish to‘g‘risidagi iltimosiga rozilik berdilar. Bu esa hamyurtlarimiz tomonidan katta quvonch bilan kutib olindi.
Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, Prezidentimizning amaliy g‘amxo‘rligi, qo‘llab-quvvatlashi bilan 1400 nafar ehtiyojmand yurtdoshimiz muqaddas Umra safariga yo‘l oldi. Bunday misli ko‘rilmagan ezgu va savobli yumushlar bugungi kunda ham faollik bilan davom ettirilmoqda. Bu muborak safarning xarajatlari davlatimiz tomonidan qoplab berilmoqda.
Yurtdoshlarimiz Jidda xalqaro aeroportida ishchi guruh hamda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda qizg‘in kutib olinib, mehmonxonalarga joylashtirilmoqda.
Ziyoratchilar Makka va Madina shaharlarida barcha qulayliklarga ega mehmonxonalarga joylashtirilmoqda. Ularning Umra ziyoratini to‘kis ado etishi uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlar to‘kis yaratib berilmoqda. Shu maqsadda ishchi guruh, guruh rahbarlari, tibbiyot xodimlari muntazam faoliyat ko‘rsatmoqda.
Umra ibodatini ado etishdek ezgu orzulari ro‘yobga chiqayotgan ehtiyojmand fuqarolarimiz g‘oyat mamnunlik bilan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar aytmoqdalar. Yorug‘, saodatli kunlarimiz uchun tunu kun duoga qo‘l ochmoqdalar. Bunday savobli ishlarning tashabbuskori bo‘lgan davlatimiz rahbarini duo qilmoqdalar.
Shu kunlarda Prezidentimizning topshiriqlariga ko‘ra, Umra ziyoratiga ketgan ehtiyojmand oilalarning xonadonlaridan xabar olinmoqda. Ularga Ramazon tuhfalari topshirilmoqda. Yashash sharoitlarini yaxshilash, moddiy va ma’naviy tomondan qo‘llab-quvvatlash ishlariga katta e’tibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga imom-domlalar mahalla mas’ullari , mahalliy hokimlik idoralari vakillari bilan birgalikda aholining kam ta’minlangan qatlamlariga iftorlikka sarflanadigan mablag‘lar va oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatmoqda. Ularning xonadonlarida iftorlik dasturxonlarini yozib, ko‘ngillarini ko‘tarishga harakat qilinmoqda.
Muqaddas dinimizda ezgu, savobli ishlar mudom ulug‘lanadi. Ibratli amallarga xayrixohlik bildiriladi. Zero, mehr-muruvvat, yaxshiliklar, savobli amallar bisyor yurtda rivoj, baraka, taraqqiyot, odamlarda hayotdan mamnunlik, rozilik hissi ustuvor bo‘ladi.
Homidjon Ishmatbekov,
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari