Savdo shoxobchasini suv ta’minotiga ulash uchun 6 million so‘m talab qilgan inspektor ushlandi
Yurtimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, soha vakillari uchun keng imkoniyatlar yaratish hamda ularning muammolarini o‘z vaqtida bartaraf etish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Biroq, ayrim mutasaddi tashkilotlar xodimlari tomonidan tadbirkorlarga qulay sharoit yaratib berish evaziga ma’lum miqdorda haq talab qilish holatlari ham uchrab turibdi.
Xususan, “Xorazm suv ta’minoti” AJ yuridik inspektori Z.A. (muqaddam sudlangan) fuqaro O.A.ning ishonchiga kirib, go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali savdo shoxobchasini ichimlik suvi ta’minotiga ulatish va texnik shart hujjatlarini rasmiylashtirib berishi evaziga 6 million so‘m pul talab qilgan.
Inspektor mazkur talab qilingan mablag‘ni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hamroz Bayonov,
O‘zA