Saudiya chempionati: Zaxiradan tushgan Ronaldu gol urdi, «Al-Nasr» yana raqibini tor-mor etdi
Ar-Riyoddagi «Prins Faysal bin Fahd» stadionida o‘tgan bahsda mehmonlar birinchi bo‘limning o‘zidayoq ikki to‘p farqi bilan oldinga chiqib oldi.
Krishtianu Ronaldu 2026/27-yilgi Saudiya Arabistoni Pro-ligasidagi ilk o‘yinini gol bilan boshladi. Portugaliyalik hujumchi harakat qilayotgan «Al-Nasr» 2-turda «Ar-Riyod» mehmoni bo‘lib, 4:0 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi.
Ar-Riyoddagi «Prins Faysal bin Fahd» stadionida o‘tgan bahsda mehmonlar birinchi bo‘limning o‘zidayoq ikki to‘p farqi bilan oldinga chiqib oldi. 18-daqiqada Gabriel Anjeluning uzatmasidan so‘ng Abdulela Al-Amri hisobni ochdi. Tanaffus arafasida esa Anjeluning o‘zi «Ar-Riyod» darvozasini ishg‘ol qildi.
58-daqiqada Joau Feliks «An-Nasr»ning uchinchi golini urdi. Oradan to‘rt daqiqa o‘tib, Ronaldu zaxiradan maydonga tushdi.
41 yoshli portugaliyalikka gol urish uchun 22 daqiqa kifoya qildi. Ronaldu 84-daqiqada raqib darvozasini ishg‘ol qilib, uchrashuvdagi yakuniy hisobni belgiladi — 4:0.
Bu Ronalduning yangi mavsumdagi ilk rasmiy o‘yini edi. U Pro-liganing 1-turida «Al-Fath»ga qarshi bahsda ishtirok etmagan. «Al-Nasr» o‘sha uchrashuvni ham yirik — 3:0 hisobida o‘z foydasiga hal qilgandi.
Shu tariqa, «Al-Nasr» chempionatning dastlabki ikki turida 6 ochko jamg‘ardi. Jamoa raqiblar darvozasiga 7 ta to‘p kiritib, hozircha birorta ham gol o‘tkazmadi.