Saudiya Arabistonining to‘rt shahrida favqulodda holat e’lon qilindi
“Anadolu” nashri xabar berishicha, Saudiya Arabistoni Fuqarolik muhofazasi bosh boshqarmasi mamlakat janubidagi Xamis-Mushait, Abxa, Jazon va Najron shaharlari aholisini ehtimoliy xavf-xatarlardan ogohlantirgan.
Tashkilot tomonidan tarqatilgan bayonotda fuqarolarning joni va mulkini himoya qilish maqsadida belgilangan favqulodda protokollarga qat’iy amal qilish hamda mutasaddi idoralar ko‘rsatmalariga diqqat bilan rioya etish muhimligi ta’kidlangan.
Garchi xavfning muayyan turi va tafsilotlari ochiqlanmagan bo‘lsa-da, bunday choralar odatda mintaqadagi xavfsizlik vaziyati bilan bog‘liq bo‘ladi.
Ma’lumki, xusiylar guruhi Saudiya Arabistoni chegara hududlari va janubiy viloyatlarini tez-tez nishonga olib keladi. Shu sababli, ushbu hududlardagi harbiy ob’ektlar va muhim infratuzilma inshootlari chegara ortidan uchirilgan dronlar hamda ballistik raketalar xavfi ostida qolmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA