“Satkak Aziz” – tabarruk ziyoratgoh
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona tumanidagi tarixiy-madaniy meros ob’ektlari orasida “Satkak Aziz” ziyoratgohi alohida o‘rin tutadi. Ko‘hna va tabarruk maskan sifatida e’tirof etilgan ushbu ziyoratgoh bugungi kunda ham ziyoratchilar e’tiborini tortmoqda.
Tumanning Satkak mahallasi hududida, tabiat bag‘rida joylashgan mazkur ziyoratgoh xalq orasida “Satkak Aziz”, “Satkak buvo” nomlari bilan mashhur. Bu yerda VII asrda yashab o‘tgan, islom dini rivojiga hissa qo‘shgan Mulla Abdurahmon Sadkokiy maqbarasi joylashgan bo‘lib, u mamlakatimizning madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgan.
Ayni paytda mazkur maskan nafaqat Farg‘ona vodiysi aholisi, balki yurtimizning turli hududlari hamda xorijiy davlatlardan kelayotgan sayyoh va ziyoratchilarni ham jalb etmoqda. Ayniqsa, yoz faslida bu yerga tashrif buyuruvchilar soni yanada ortib, milliy uslubdagi choyxonalar, hordiq maskanlari va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyati jonlanadi.
[gallery-28929]
“Satkak Aziz” ziyoratgohi ma’naviy ahamiyati bilan birga tabiiy boyliklari bilan ham ahamiyatlidir. Hududdagi tabiiy buloqlar, mevali daraxtlar hamda ko‘p yillik chinor va qayrag‘ochlar ushbu maskanning o‘ziga xos jozibasini oshirmoqda.
“Satkak” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ahmadjon Aminovning ma’lum qilishicha, mahallada hozirgi kunda 780 ta oilada 3750 nafar aholi yashaydi. Hududda dehqonchilik va chorvachilik asosiy iqtisodiy yo‘nalishlardan hisoblanadi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA