Sartaroshxona va go‘zallik salonlari xizmatlari sohasi respublika iqtisodiyotining xizmat ko‘rsatish sektorida yetakchi tarmoqlardan biriga aylanmoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonda sartaroshxona va go‘zallik salonlari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 7 trillion so‘mga yetdi. Hozirda sartaroshxona va go‘zallik salonlari xizmatlari nafaqat aholi ehtiyojlarini ta’minlash, balki hududlar iqtisodiy faolligini oshirishda ham muhim o‘rin tutmoqda.
Hududlar kesimida xizmatlar hajmi Toshkent shahrida eng yuqori bo‘lib, 1228,9 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Shu bilan birga, Farg‘ona viloyati – 952,8 milliard so‘m, Samarqand viloyati – 878,6 milliard so‘m, Namangan viloyati – 765,5 milliard so‘m, Toshkent viloyati – 708,3 milliard so‘m, Andijon viloyati – 446,1 milliard so‘m, Qashqadaryo viloyati – 425,8 milliard so‘m, Xorazm viloyati – 345,1 milliard so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 328 milliard so‘m, Surxondaryo viloyati – 243,1 milliard so‘m, Buxoro viloyati – 228,1 milliard so‘m, Navoiy viloyati – 222,8 milliard so‘m, Jizzax viloyati – 148,2 milliard so‘m, Sirdaryo viloyatidan 95 milliard so‘mni tashkil etgan.

Hududlarda aholi zichligi va iqtisodiy faollik yuqori bo‘lishi, shuningdek, xizmat ko‘rsatish sohasidagi infratuzilmaning rivojlanishi ushbu ko‘rsatkichlarga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Sartaroshxona va go‘zallik salonlari xizmatlari hajmining o‘sishida bir qancha omillar rol o‘ynadi. Avvalo, aholi yashash darajasining yaxshilanishi, shahar va tumanlarda xizmat ko‘rsatish infratuzilmasining kengayishi va sifatining oshishi bu borada muhim ta’sir ko‘rsatdi. Shuningdek, yosh avlod orasida go‘zallikka bo‘lgan talab oshgani, moda va shaxsiy parvarishga qiziqishning rivojlanishi xizmatlar hajmini ko‘paytirdi.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA