“Saroy javohiri”dan turizm elchisigacha: Tangem o‘zbek va koreys xalqlarini yaqinlashtirgan timsol
Ba’zan ekranda yaratilgan bir obraz ham minglab kilometr masofani qisqartirib, ikki xalq qalbi o‘rtasida ma’naviy ko‘prik qurishi mumkin. O‘zbekiston va Janubiy Koreya munosabatlarida ana shunday madaniy ko‘priklardan biri – “Saroy javohiri” seriali va undagi Tangem obrazidir.

O‘zbek tomoshabiniga Tangem nomi bilan yaxshi tanish bo‘lgan mashhur janubiy koreyalik aktrisa Li Yon E nafaqat Koreya kino san’atining yorqin vakili, balki O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi turizm brendi elchisi sifatida ham mamlakatimiz bilan o‘ziga xos rishtalarni bog‘lagan ijodkor.
Tangemgacha bo‘lgan yo‘l
Li Yon E 1971-yilda tug‘ilgan. U ijodiy faoliyatini 1990-yilda model sifatida boshlagan, keyinchalik reklama va televideniye orqali keng jamoatchilikka tanilgan. 1993-yilda “SBS” telekanalining “How’s Your Husband?” serialidagi ishtiroki unga aktrisalik faoliyatida dastlabki katta muvaffaqiyatni olib keldi va u “SBS Drama Awards” mukofotida eng yaxshi yangi aktrisa sifatida e’tirof etildi.

Keyinchalik u televideniye bilan bir qatorda kinoda ham o‘ziga xos ijodiy qiyofasini yaratdi. Ayniqsa, rejissyor Pak Chxan Ukning “Birlashgan xavfsizlik hududi” filmidagi roli uning jiddiy dramatik aktrisa sifatidagi imkoniyatlarini namoyon qildi. 2005-yildagi “Sympathy for Lady Vengeance” kartinasi esa Li Yon E ijodining mutlaqo boshqa qirrasini ochib berdi. Ushbu filmdagi ijrosi uchun aktrisa nufuzli “Blue Dragon” va “Baeksang Arts Awards” mukofotlarida eng yaxshi aktrisa sifatida taqdirlangan. Ammo uning nomini butun Osiyoga tanitgan asar shubhasiz, o‘zbek tomoshabini yaxshi biladigan “Saroy javohiri” bo‘ldi.

Bir serialning madaniy diplomatiyasi
2003–2004-yillarda “MBC” telekanali orqali namoyish etilgan mazkur serial Koreya Respublikasining o‘zida ham haqiqiy madaniy voqeaga aylandi. Serial saroy oshxonasidagi xizmatdan boshlab, qirollik tabibi darajasigacha yetib borgan Jang Gimning murakkab hayot yo‘lini hikoya qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, serial mamlakatda 57 foizlik eng yuqori tomoshabin ko‘rsatkichiga erishgan. Asar keyinchalik Osiyo, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlarida, jumladan, O‘zbekistonda ham namoyish etildi. Serialning xalqaro muvaffaqiyati koreys madaniyati, milliy taomlari, an’anaviy tibbiyoti, xanbok liboslari, koreys tili va Koreyaga sayohat qilishga bo‘lgan qiziqishning oshishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.

Yurtimizda esa “Saroy javohiri” oddiy xorijiy teleserial darajasidan ancha yuqori mavqega ega bo‘ldi. Tangem, Min Jon Xo, Chxve xonim kabi qahramonlar bir avlod o‘zbek tomoshabini uchun yaxshi tanish obrazlarga aylandi.
Buning sabablaridan biri serial mazmunida o‘zbek tomoshabiniga yaqin bo‘lgan qadriyatlar – keksalarga hurmat, ustozga sadoqat, oila, mehnatsevarlik, sabr-toqat, adolat uchun kurash va inson sha’nini ulug‘lash kabi g‘oyalarning ustuvorligidir.

Tangemdan – O‘zbekiston turizm brendi elchisiga
Li Yon Ening o‘lkamiz bilan bog‘liqligi ekrandagi mashhurlik bilan cheklanib qolmadi. 2018-yil yanvar oyida O‘zbekiston tomoni aktrisa bilan uni mamlakatimizning Janubiy Koreyadagi turizm elchisi sifatida faoliyat yuritishi bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Bu haqda Xalqaro press-klub doirasidagi tadbirda axborot berilgan edi. Mazkur tashabbus O‘zbekiston turistik brendini xorijda madaniyat, san’at va media vakillari orqali targ‘ib qilishga qaratilgan yangi yondashuvning bir qismi edi.
Bu tanlovda o‘ziga xos ramziy ma’no bor edi, albatta. Chunki Li Yon E O‘zbekiston jamoatchiligi uchun notanish chet ellik yulduz emas, balki Tangem obrazi orqali allaqachon millionlab tomoshabinlar mehrini qozongan san’atkor edi. Demak, uning nomi Vatanimiz turizm brendi bilan bog‘lanishi madaniy diplomatiyaning tabiiy davomiga aylandi.

Aktrisa keyinchalik ham O‘zbekiston bilan aloqalarini davom ettirdi. Xususan, 2020-yilda koronavirus pandemiyasi va Sardoba suv omboridagi falokatdan so‘ng Li Yon E o‘zbek xalqiga maxsus videomurojaat yo‘llab, hamdardlik va qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Ekrandan xalqlar qalbiga
O‘zbekiston va Janubiy Koreya munosabatlarining bugungi ko‘lami siyosat, savdo-iqtisodiyot yoki investitsiyalar bilangina o‘lchanmaydi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarning mustahkam zaminida xalqlar o‘rtasida yillar davomida shakllangan samimiy munosabat ham bor.

Kino va seriallar esa bu jarayonning eng ta’sirchan vositalaridan biriga aylandi. “Saroy javohiri” o‘zbek tomoshabiniga Koreya tarixini darslik tilida emas, inson taqdiri orqali tanishtirdi. Saroy madaniyati, milliy taomlar, tabobat, urf-odat va insoniy munosabatlar ekran orqali o‘zbek xonadonlariga kirib keldi.
Eng muhimi, Tangem timsolida o‘zbek tomoshabini koreys xalqining mehnatsevarligi, sabr-matonati va maqsad sari qat’iyat bilan intilishini ko‘rdi. Balki shuning uchun ham oradan yigirma yildan ziyod vaqt o‘tsa-da, “Tangem” nomi O‘zbekistonda hamon iliq xotira bilan tilga olinadi.

Umuman olganda, Li Yon Ening Tangemdan O‘zbekiston turizm brendi elchisigacha bo‘lgan yo‘li madaniyat va turizm diplomatiyasi qanday uyg‘unlashishi mumkinligining o‘ziga xos namunasidir. Xuddi shu ma’noda, “Saroy javohiri”ni faqat mashhur koreys seriali sifatida emas, balki O‘zbekiston va Janubiy Koreya xalqlari o‘rtasidagi madaniy muloqotga o‘z hissasini qo‘shgan asar sifatida ham e’tirof etish mumkin.
O‘tkir Alimov,
O‘zA