Sarhisob: yoz mavsumida faol oromgohlar aniqlandi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashida bolalarning yozgi dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish borasidagi ishlar sarhisob qilindi.
Unda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, mavsum davomida viloyat bo‘yicha jami 160 ta oromgohda 52 ming 352 nafar bolani sog‘lomlashtirishga erishilgan va belgilangan reja 110,4 foizga bajarilgan.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi rahbarligida “Oromgohlarda ta’lim-tarbiyaviy ishlarni tashkil etish, ularni malakali pedagog va yetakchilar bilan ta’minlash” bo‘yicha ishchi guruhi tomonidan bu yilgi mavsumda oromgohlarga 1 ming 52 nafar pedagog jalb etilib (shulardan 338 nafari statsionar oromgohlarga, 714 nafari “sog‘lomlashtirish maydonchalari”ga) ta’lim-tarbiyaviy ishlar amalga oshirildi. Barcha joylarda kutubxonalar faoliyati tashkil etilib, ular bolalarning yoshiga mos adabiyotlar, gazeta va jurnallar bilan ta’minlandi.
Oromgohlarda beshta muhim tashabbus bo‘yicha to‘garaklar faoliyati tashkil etilib, bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida chet tillarini o‘rganish, “Mohir qo‘llar”, “Biser to‘qish”, “Rasm chizish”, shuningdek, bolalar o‘rtasida kitobxonlik, san’at, turli sport musobaqalar, kompyuter savodxonligi bo‘yicha tanlovlar, o‘quvlar, viktorinalar tashkil etildi.

Tadbirda “Eng namunali bolalar oromgohi”, “Bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish mavsumi tashkilotchilari hamda bolalar oromgohlari xodimlari” ko‘rik-tanlovlari g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham tashkil etildi.
Unga ko‘ra, 13 ta nominatsiyada g‘oliblar aniqlanib, tashkilotchilarning sovg‘alari taqdim etildi. Shuningdek, “Eng yaxshi hamkor” nominatsiyasi, "Eng g‘amxo‘r tarbiyachi”, “Eng faol yetakchi” ,“Eng mas’uliyatli tashkilotchi”, “Eng namunali statsionar bolalar oromgohi”, “Eng namunali bolalar sog‘lomlashtirish maydonchasi”, “Eng yaxshi pazanda” nominatsiyalari g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
A.Musayev, O‘zA