Sarhisob va vazifalar tahlili
Sirdaryoda 2016-yil yakunlari va 2017-yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Sirdaryoda 2016-yil yakunlari va 2017-yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.Viloyat hokimi G‘.Mirzayev boshqargan yig‘ilishda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Hisobot davrida viloyat iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlarini rivojlantirish, aholi turmush darajasini yuksaltirish borasida salmoqli natijalarga erishildi. Yalpi hududiy mahsulot hajmi 7,6 foiz oshdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 9,6, qishloq xo‘jaligi 5,6, qurilish ishlari 9,3, chakana tovar aylanmasi 13 foiz o‘sdi.
2016-2018-yillarda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining 2016-yildagi ijrosi doirasida qiymati 298 milliard so‘mlikdan ziyod hamda 9 million dollarlik 2 mingdan ortiq loyiha amalga oshirilib, 21 ming 467 yangi ish o‘rni yaratildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga tijorat banklarining 50 milliard so‘mlik kredit mablag‘i ajratildi, buning samarasida 7 mingga yaqin aholi bandligi ta’minlandi.
Yig‘ilishda erishilgan yutuqlar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham atroflicha tahlil qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi. Xususan, hududlarning sanoat salohiyatini yuksaltirish, sanoatda doimiy ish o‘rinlari yaratish orqali aholi daromadlarini oshirishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlariga aniq topshiriq va vazifalar yuklatildi.