Sarhisob: natija va istiqbol
Surxondaryo viloyatida 2014-yilda bandlik dasturi doirasida 66 ming 418 yangi ish o‘rni yaratildi. 41 ming 161 nafar kasb-hunar kolleji bitiruvchisi ish bilan ta’minlandi.
Surxondaryo viloyatida 2014-yilda bandlik dasturi doirasida 66 ming 418 yangi ish o‘rni yaratildi. 41 ming 161 nafar kasb-hunar kolleji bitiruvchisi ish bilan ta’minlandi.
Termizda 2014-yil yakunlari va 2015-yilda Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishida shu va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.
Viloyat hokimi T.Mamaraimov boshqargan yig‘ilish sim orqali muloqot tarzida tashkil etilib, muhokama jarayonlarini barcha tuman va shahar studiyalarida mahalliy Kengashlar deputatlari, boshqarma va idoralar, yirik sanoat korxonalari rahbarlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, kasb-hunar kollejlari direktorlari kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Prezidentimizning mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan ishlab chiqiladigan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi.
Hisobot davrida viloyat iqtisodiyotida barqaror o‘sish sur’atlari ta’minlandi. Viloyat yalpi hududiy mahsulot o‘sish sur’ati 9,3 foizga yetdi. Sanoat mahsulotlari 11,5, iste’mol tovarlari 13,6, qurilish pudrat ishlari 16,1 foizga o‘sdi.
Hududiy investitsiya dasturi doirasida barcha manbalar hisobidan 19 milliard 508 million so'm qiymatidagi mablag‘ evaziga 14 yangi obyekt ishga tushirildi. Qiymati 142,3 milliard so‘m bo‘lgan 455 yangi sanoat korxonasi barpo etilib, 9 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Servis va xizmat ko‘rsatish sohasida 450 yangi subyekt tashkil etildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, mingdan ziyod kichik biznes subyekti faoliyat boshladi. Mavjud 11 ming 344 tadbirkorlik korxonalariga 424 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Viloyat yalpi hududiy mahsulotida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 74,5 foizni tashkil etdi.
Yig‘ilishda xususiy sektorni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, iqtisodiyotda davlat ishtiroki darajasini tanqidiy baholab, 2015-2016-yillarda davlat mulkini xususiylashtirishga doir yangi dasturni ishlab chiqish to‘g‘risidagi masalalar ham atroflicha muhokama etildi.
Faollar yig‘ilishida erishilgan yutuqlar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham tahlil qilindi. Viloyatning sanoat salohiyatini yanada yuksaltirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilish, sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, kollej bitiruvchilarining bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani ta’kidlandi. Kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlari belgilandi.