Sarhisob: aniqlangan kamchiliklar bartaraf etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan joriy yilning 7 oyi davomida bajarilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ommaviy axborot vositalari, davlat, nodavlat tashkilotlari axborot xizmatlari vakillari, ijtimoiy tarmoq faollari hamda viloyat kadastr tizimi mutasaddilari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda kadastr tizimini rivojlantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Anjumanda Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi, uning tuman, shahar bo‘limlari tomonidan joriy yilning o‘tgan yetti oyi davomida yer qonunchiligiga amal qilinishi borasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
– O‘tgan davr mobaynida jami 815 holatda 74,3 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlandi, – deydi Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Fayoziddin Berdiqulov. – Aniqlangan holatlarni bartaraf etish yuzasidan olib borilgan ishlar natijasida 601 ta yoki 73,4 foiz noqonuniy holat bartaraf etilib, yer maydonlaridan foydalanish bo‘yicha qonuniylik ta’minlandi.
Yer bilan bog‘liq qonun buzilish holatlari qishloq xo‘jaligi, aholi punktlari, sanoat, transport, aloqa, muhofaza hududiga bog‘liq yerlarga, qolgan qismi esa suv fondi, tarixiy-madaniy ahamiyatga molik ob’ektlar va boshqa turdagi yerlarga taalluqli ekanligi qayd etildi.
Yerdan foydalanishdagi qonun buzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi. Jumladan, qayd etilgan qonun buzilishlarning 115 ta holati bo‘yicha ko‘rib chiqish uchun sud organlariga da’vo arizalari kiritilgan. Aniqlangan 90 ta yer qonun buzilish holatida jinoyat alomatlari mavjud bo‘lganligi sababli huquqiy baho berish uchun to‘plangan materiallar hududiy prokuratura organlariga taqdim etilgan. Bundan tashqari, 2023 yilning o‘tgan davrida 2 ming 302 ta huquqbuzarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Anjumanda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlari Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish borasida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ham keng ma’lumotlar berildi. Joriy yilning 7 oyi davomida 38 ming 49 ta ko‘chmas mulk ob’ektlari bo‘yicha vujudga kelgan mulkiy huquqlari Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Shuningdek, ko‘chma savdo faoliyatini amalga oshirish uchun 3 ming 412 bo‘sh yer uchastkalari elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarildi hamda ushbu yer maydonlaridan 1 ming 613 tasi onlayn-auksion savdolar orqali sotilgan.
[gallery-13231]
O‘tgan yetti oy davomida boshqarma, uning tuman, shahar filiallariga 1 ming 969 jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari kelib tushgan. Mazkur murojaatlarning 450 tasi ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 1 ming 508 tasiga huquqiy tushuntirishlar berilgan. Qolgan murojaatlar bo‘yicha o‘rganishlar olib borilmoqda.
Tizimda korrupsion holatlarning oldini olish yuzasidan korrupsiyaga moyilligi bo‘lgan 9 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi hamda ichki tartib qoidalarga rioya qilmagan va belgilangan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarmagan 25 nafar xodimga intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.
Shuningdek, matbuot anjumanida sohaga oid yangiliklar, yer maydonlaridan qonuniy va samarali foydalanish yuzasidan olib borilayotgan targ‘ibot ishlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ham ma’lumotlar berildi.
Anjumanda ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil javob oldi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA