Sarchashmada ilk sun’iy muzlik: suv tanqisligiga innovatsion yechim
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani Sarchashma mahallasida O‘zbekistonda ilk bor sun’iy muzlik ob’ekti barpo etildi. Loyiha BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) vakolatxonasi tashabbusi bilan Ekologiya va qishloq xo‘jaligi sohasi mutasaddilari hamkorligida amalga oshirildi.
Loyihada guruh rahbari sifatida faoliyat yuritayotgan Sherzod Nizomovning ta’kidlashicha, mazkur tashabbus FAOning “FOLUR” loyihasi doirasida ilgari surildi. Dastlab qo‘shni Qirg‘izistonning Botkent viloyati Laylak tumanidagi Sumbula hududida barpo etilgan sun’iy muzliklar tajribasi o‘rganildi.
– Bahor oylarida tog‘li hududlarda suv taqchilligi sezilarkan. Aholi bu loyihadan juda minnatdor ekanini bildirdi. Shundan so‘ng yurtimizda ham shunday ob’ekt barpo etishga kirishdik, – deydi u.
Qashqadaryo viloyatidagi bir qator tog‘li hududlar o‘rganilib, iqlim va logistika imkoniyatlari inobatga olingan holda Sarchashma mahallasi tanlandi. Qurilish ishlari joriy yil 10-yanvar kuni yakunlandi. Qish mavsumining iliq kelishiga qaramasdan, 20 kun ichida muz yetarli hajmda shakllandi.
Loyiha doirasida 4 ta maxsus ustun barpo etilgan bo‘lib, har biri 400 kub metrgacha muz to‘plash imkoniga ega. Muz erishi natijasida taxminan 250 kub metr suv hosil bo‘ladi. Jami quvvat ming kub metrga yaqin suv zaxirasini shakllantiradi.
Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, bu miqdor bir gektar bug‘doy maydonini sug‘orish yoki 20 ta oilani 3 oy davomida ichimlik suvi bilan ta’minlash imkonini beradi. Muz erish jarayoni odatda 10-martdan boshlanib, 20-iyulga qadar davom etadi.
Loyihaning ikkinchi bosqichida muzlik atrofida maxsus havza barpo etilib, erigan suvni yig‘ish va quvurlar orqali aholiga yetkazish rejalashtirilgan.
FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasida amalga oshirilayotgan dastur milliy koordinatori Aziz Nurbekovning aytishicha, loyihaning asosiy maqsadi suv tanqisligi yuqori bo‘lgan bahorning oxiri va yoz oylarida aholini qo‘llab-quvvatlashdir.
– Dastlab mahalla aholisida ma’lum shubhalar bo‘ldi. Oqib turgan buloq suvi qanday qilib muzga aylanishi mumkin, degan savollar tug‘ildi. Biroq amaliy natija ishonchni mustahkamladi, – deydi u.
Loyiha mutlaqo tabiiy usulga asoslangan bo‘lib, atrof-muhitga zarar yetkazmaydi. Aksincha, muzlik atrofida o‘ziga xos ekomuhit shakllanayotgani, turli jonivorlar soni ortib borayotgani kuzatilmoqda.
Kelgusida 50 ming kub metr quvvatga ega yirik sun’iy muzlik loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.
“Hisor” davlat qo‘riqxonasi direktori Qahramon Normuhammedovning ta’kidlashicha, Sarchashma qishlog‘i Hisor tog‘ tizmalari etagida, chegara hududida joylashgan bo‘lib, aholining asosiy tirikchiligi bog‘dorchilik, dehqonchilik va chorvachilikka bog‘liq.
– Yoz oylarida ichimlik va sug‘orish suvi bo‘yicha qisman tanqislik yuzaga keladi. Yangi innovatsion texnologiya bu muammoni bartaraf etishga xizmat qiladi, – deydi u.
Qish mavsumida tog‘li hududlarda suv oqimi ko‘payib, ko‘p qismi bekorga oqib ketadi. Sun’iy muzliklar orqali bu resursni muz shaklida saqlab qolish imkoni yaratiladi. Qo‘riqxona bufer zonalarida ham shunday loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
[gallery-27612]
Mutaxassislar fikricha, iqlim o‘zgarishi sharoitida sun’iy muzliklar tog‘li hududlar uchun samarali va iqtisodiy jihatdan maqbul texnologiya hisoblanadi. U nafaqat aholini ichimlik suvi bilan ta’minlaydi, balki qishloq xo‘jaligida barqarorlikni saqlashga ham xizmat qiladi.
Sarchashmada barpo etilgan ilk ob’ekt mamlakatimizda suv resurslarini boshqarishda innovatsion yondashuvni kengaytirishda muhim qadam bo‘ldi. Kelgusida bunday loyihalarning hududlarda ijtimoiy va iqtisodiy ustuvorlikni ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/wZJBR3sUqYI" title="Sarchashmada ilk sun’iy muzlik: suv tanqisligiga innovatsion yechim" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari