Saraton kasalliklariga qarshi keskin kurashiladi
Aholini eng ko‘p uchraydigan, ya’ni bachadon bo‘yni, ko‘krak bezi, yo‘g‘on ichak, oshqozon, prostata bezi va o‘pka saraton kasalliklari bo‘yicha maqsadli tibbiy tekshiruvlar bilan qamrab olish ko‘rsatkichi kamida 60 foizga yetkaziladi.
Bu borada shu yilning 24-iyun kuniqabul qilingan “Saraton kasalliklarining oldini olish, erta aniqlash va davolash chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident qarorida muhim vazifalar belgilandi.
Jumladan, aholi o‘rtasida eng ko‘p uchraydigan saraton kasalliklarini 1-2-bosqichlarda aniqlash darajasini 30 foizdan 40 foizgacha oshirish, aholi o‘rtasida eng ko‘p uchraydigan saraton kasalliklarini 3-4-bosqichlarda aniqlash darajasini 65 foizdan 55 foizga kamaytirish va boshqalar.
2027-yil 1-yanvardan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan Saratonga qarshi kurashish milliy dasturi (Dastur) asosida aholi o‘rtasida oshqozon, yo‘g‘on ichak (kolorektal), o‘pka va prostata bezi saratoni kasalliklarini erta aniqlash va ularning oldini olish chora-tadbirlari hududlarda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Aholining saraton kasalliklari xavf omillari, dastlabki belgilari va oldini olish usullari to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish, saraton kasalliklarining oldini olish, erta aniqlash, tashxislash va davolash tizimini takomillashtirish, shuningdek tibbiy yordam sifatini oshirish va o‘lim holatlarini kamaytirish Dasturning ustuvor vazifalari etib belgilandi.
Mohigul Qosimova, O‘zA