Virusologiya ilmiy-tekshirish institutida Janubiy Koreya KOFIH fondi hamkorlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda fond vakillari, Virusologiya ITI professorlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
J.Koreyaning KOFIH fondi Virusologiya ITI bilan hamkorlikda «Ayollar o‘rtasida odam papilloma virusini aniqlash va bachadon bo‘yni saratoni kasalligi diagnostikasi bo‘yicha imkoniyatlarni takomillashtirish» mavzusida investitsion pilot loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shu maqsadda respublika hududlarida, jumladan, Toshkent shahri, Samarqand va Andijon viloyatlarida bu loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Loyihada 50000 nafar ayol ishtirok etishi mo‘ljallangan.

Bachadon bo‘yni saratoni har qanday yoshdagi ayollarda uchraydigan xavfli va keng tarqalgan kasallikdir. Kasallikning avj olishi 45-55 yoshga to‘g‘ri keladi.
Bachadon bo‘yni saratonining sabablari – odam papilloma viruslari, jinsiy yo‘l bilan yuqadigan infeksiyalardir. 21-30 yoshdagi yoshlarning 80 foizda uchraydi. Odatda viruslar 2-3 yil ichida tanani «tark etadi». Virusning bachadonda uzoq vaqt bo‘lishi saraton rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Bachadon bo‘yni saratoni to‘liq oldini olish mumkin bo‘lgan yagona saratondir. U asta-sekin rivojlanadi. Saraton kasalligi rivojlanishiga saraton oldi kasalliklari sabab bo‘ladi. Ularni tashxislash va davolash uchun yetarli vaqt bor.
Mazkur loyiha 3 yil mobaynida amalga oshiriladi. Loyihaning asosiy maqsadi ayollar o‘rtasida odam papilloma virusi keltirib chiqaradigan kasalliklarni erta aniqlash orqali saraton kasalligining oldini olish va OPVning yuqori onkogen turlarini fertil yoshdagi ayollar o‘rtasida tarqalish foizini aniqlash bilan saraton kasalligining ikkinchi omili, ya’ni skrining ahamiyatini o‘rganishdir.
Anjumanda bu va boshqa masalalar xususida batafsil ma’lumot berildi. Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti direktori Erkin Musabayev loyihada ishtirok etayotgan virusologiya ilmiy-tekshirish institutining barcha xodimlarini tanishtirdi, loyihaning ishi, uning tuzilishi, ilmiy va xalqaro faoliyati, laboratoriyasi, klinikaning tuzilishi hamda vazifasi haqida gapirib berdi.
– Hozirda O‘zbekistonda odam papilomasi virusini tashxislash usullarini takomillashtirish loyihasi doirasida Toshkent va Andijon shahrida 13 ming nafar ayollarda bachadon bo‘yin saratoniga tekshirilib tashxis qo‘yilgan. Hozirgi kunda Samarqand viloyatida ham tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Bachadon bo‘yni saratonini keltirib chiqaradigan onkogen shtammlar mavjud. Bu loyihadan oldin biz O‘zbekistonda ushbu shtammlarga skrining o‘tkazmagan edik. Hozirgi loyiha asosida bachadon bo‘yin saratoniga shtammlarga tekshirish ishlari amalga oshirilmoqda. Shuni ta’kidlash kerakki, bachadon bo‘ynini dastlabki bosqichlarda davolash mumkin, ammo onkologik tuzilish erta bosqichlarda tashxis qo‘yish bilan kurashmaydi, bu esa kech tashxis qo‘yish va davolashga olib keladi, – dedi institut direktori E.Musabayev.

Uchrashuv davomida tomonlar ayollarda bachadon bo‘yni saratoniga olib keladigan onkogen OPV shtammlarini tekshirishni yaxshilash bo‘yicha ushbu yo‘nalishda yanada ko‘proq ishlash istagini bildirdilar. O‘z navbatida, OPVni o‘z vaqtida aniqlash bachadon bo‘yni saratonining oldini oladi. Shuningdek, bachadon bo‘yni saratonini erta bosqichda aniqlashni ko‘paytiradi. Shuningdek, KOFIH vakillari Suyuqlik sitologiya laboratoriyasi va Yunusobod tumanidagi markaziy poliklinikaga tashrif buyurib, skrining jarayonlarini qanday tarzda o‘tayotganini kuzatishdi.
O‘zA