Insonning eng katta boyligi bu albatta, uning sog‘ligidir. Shu bois, keyingi yillarda yurtimizda aholining salomatligini yaxshilash va mustahkamlash borasida katta ishlar qilinmoqda. Ayniqsa, xotin-qizlar sog‘ligiga qayg‘urish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Mamlakatimizda bu borada qator vazifalar va chora-tadbirlar belgilanib, yildan-yilga ayollarga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanmoqda.
Shuningdek, bir muhim jihatga alohida e’tibor qaratish lozim. Ya’ni, onkologik kasalliklar orasida keng tarqalgan va minglab insonlar hayotiga xavf solayotgan bachadon bo‘yni saratoni haqida keng jamoatchilik xabardor bo‘lishi zarur. Ushbu kasallik erta aniqlanganda to‘liq davolanadi.

Shunday ekan, bu boradagi profilaktik tadbirlar, emlash dasturlari va muntazam skrining tekshiruvlari har birayol hayoti uchun beqiyos ahamiyatga ega. Ushbu yo‘nalishdagi chora-tadbirlar, saratonning oldini olish uchun o‘tkazilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlari xususida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Ayollar reproduktiv tizimi o‘smalari bo‘limi ilmiy rahbari, tibbiyot fanlari doktori Nargiza Zahirova quyidagilarni gapirib berdi:
– Bugungi kunda bachadon bo‘yni saratoni ayollarimiz orasida eng ko‘p uchraydigan onkologik kasalliklar ichida ko‘krak bezi saratonidan keyingi o‘rinda turadi. Bu kasallikning asosiy sababi – inson papiloma virusi (HPV) hisoblanadi. Ushbu virusning ikki yuzdan ortiq turi mavjud bo‘lib, ularning 14 tasi yuqori xavfli, onkogen turlar sirasiga kiradi.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, virus aniqlangan holatning o‘zi saraton degani emas. Ayrim hollarda ayol organizmidagi immunitet tizimi 1–2 yil ichida ushbu virusga qarshi kurashib, uni organizmdan butunlay chiqarib yuboradi. Ammo, ba’zi hollarda virus uzoq vaqt organizmda saqlanib qolsa, bu holat bachadon bo‘yni saratoni oldi kasalliklariga olib kelishi mumkin. Agar bu bosqichda aniqlanmasa va davolash kechiktirilsa, saraton kasalligi rivojlanish ehtimoli ortadi.
O‘zbekiston Respublikasida 2019 yildan buyon 9–14 yoshli qizlarga HPV virusiga qarshi emlash dasturi yo‘lga qo‘yilgan. Bu borada Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mahalliy va xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda bachadon bo‘yni saratonini umuman yo‘q qilish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda bizning asosiy vazifamiz kasallikning oldini olish. Xususan, ayollar o‘rtasida emlash dasturini kengaytirish, 30 yoshdan oshgan ayollarni HPV aniqlash bo‘yicha skrining tekshiruvlardan muntazam o‘tkazib borish zarur. Hech bo‘lmasa, ayollarimizning 70 foizi ushbu tekshiruvdan o‘tishi kerak.
Eng muhimi, bachadon bo‘yni saratoni erta bosqichda aniqlansa, uni to‘liq davolash mumkin bo‘lgan kasalliklar sirasiga kiradi. Bugun mamlakatimizda davlat rahbari tashabbusi bilan ayollar salomatligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 402-sonli Prezident qarori asosida bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonining oldini olish bo‘yicha strategik yo‘nalishlar belgilab berilgan. Ulardan biri – 30, 40 va 50 yoshdagi ayollarni HPV virusi bo‘yicha testdan o‘tkazishdir.
Bu borada bir fikrni alohida ta’kidlamoqchiman: agar test natijasida virus aniqlansa, vahimaga tushish kerak emas. Sababi, bu hali saraton emas. Saraton oldi bosqichlari aniqlanganda, ularni to‘liq davolash va kasallikning rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaslik mumkin. Aytish joizki, saraton – hukm emas. Kasallik qancha erta aniqlansa, davolash natijasi shuncha yaxshi bo‘ladi.
Hozirda yurtimiz bo‘ylab 209 ta onkonazorat xonalari tashkil etilgan bo‘lib, u yerda maxsus tekshiruvlar amalga oshiriladi. Ayollarimizni bu testlardan o‘tishga chaqirganimizda, ular barcha yumushlarini bir chetga surib, albatta, skrining tekshiruvlariga kelishlari lozim. Bu borada oilaviy muhit, yaqinlarning qo‘llab-quvvatlashi ham muhim ahamiyatga ega.
Afsuski, jamiyatimizda “og‘riq bo‘lmasa, doktorga borilmaydi” degan noto‘g‘ri tushuncha mavjud. Biroq skrininglar bejiz tashkil etilmaydi. Inson o‘zini sog‘lom his qilgan holatda ham doimiy ravishda tekshiruvlardan o‘tib turishi kerak.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, 30 yoshgacha bo‘lgan ayollarga HPV bo‘yicha tekshiruv o‘tkazish shart emas. Chunki bu yoshgacha organizmda immunitet kuchli bo‘ladi va virus organizmdan o‘zi chiqib ketishi ehtimoli yuqori. Shu sababli, aynan 30, 40 va 50 yoshdagi ayollar orasida skrining o‘tkazish rejalashtirilgan.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, skrining natijasida ayollarimizning o‘rtacha 10 foizida HPV virusi aniqlanishi mumkin. Bu holatda ularni chuqurroq tekshiruvga yuborish kerak bo‘ladi. Ammo chuqur tekshiruvlar natijasida ham ularning barchasida saraton aniqlanavermaydi.
Ta’kidlash joizki, saratonning to‘rtta asosiy bosqichi mavjud, ammo shuningdek, “nol” bosqich, ya’ni saraton oldi holati ham bor. Kasallik aynan shu bosqichda aniqlansa, bu biz uchun katta yutuq bo‘ladi. Sababi, o‘z vaqtida aniqlangan kasallikning oldini olish, sog‘liqni saqlash, hayotni saqlab qolish demakdir.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA