Sara urug‘ mo‘l hosil garovi
Har qanday qishloq xo‘jaligi ekinidan yuqori hosil olish avvalo sara va sifatli uruqqa bog‘liq. Ayniqsa, boshoqli don ekinlari hosildorligining 50 foizi navning biologik xususiyatlariga, qolgani sifatli sara urug‘likka va samarali agrotexnika tadbirlariga bog‘liq.
Yuqori Chirchiq tumanida «2022 yil g‘alla hosili uchun sifatli urug‘lik don tayyorlash» mavzusida tashkil etilgan seminarda shu haqida so‘z bordi. Xususan, hududdagi tajriba dalasida o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimining Qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Uzoqov, tuman hokimlarining Qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, bo‘lim boshliqlari, Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Toshkent ilmiy tajribasi stansiyasi xodimlari hamda fermerlar xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda viloyat bo‘yicha jami 125 ta g‘alla urug‘i yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari hamda agroklasterlar faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ular tomonidan 8 ming 490 gektar maydonda 20 dan ortiq turdagi g‘alla urug‘i ekilgan.
Toshkent viloyati bo‘yicha 27 ming 510 tonna urug‘lik g‘alla yetishtirish rejalashtirilgan. Shundan kelib chiqqan holda mahalliy g‘alla urug‘i navlari bilan birga, Rossiya Federatsiyasidan keltirilgan urug‘ qo‘shimcha ravishda 427 gektar yerda ekildi. O‘rta Chirchiq tumanida esa «Madoniz» fermer xo‘jaligida urug‘lik g‘alla ekilgan maydon jami 427 gektar bo‘lib, 1 ming 495 tonna «Vexa» navi yetishtirish ko‘zda tutilgan.
Seminarda yetishtirilgan urug‘lik hosilni nazoratdan o‘tkazish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi. Xususan, 2021 yil hosili uchun urug‘lik don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklar hamda agroklasterlarning g‘alla maydonlarini aprobatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha 100 ga yaqin mutaxassislar jalb etilgan bo‘lib, har bir aprobatorga o‘rtacha 102 gektar maydon to‘g‘ri kelmoqda.

Shuningdek, seminar davomida g‘alla urug‘ini yetishtirish bo‘yicha 20 gektardan kam bo‘lgan hamda hosildorligi yuqori bo‘lmagan maydonlarda urug‘ ekish yaxshi samara bermayotgani, kelgusi yil g‘alla urug‘ini yetishtirish bo‘yicha har bir fermer xo‘jaliklari uchun kamida 30 gektar yer maydoni ajratilishi ko‘zda tutilayotgani xususida aytib o‘tildi. Bunda yer maydonini tanlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.
A. Musayev, O‘zA