Sanoat yarmarkasi – keng imkoniyatlar maydoni
Yurtimizda mahalliy ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, hududiy korxonalarning eksport salohiyatini ko‘tarish, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, kooperatsiya tizimini kengaytirish, import mahsulotlarni mahalliylashtirish, hududlararo integratsiyani mustahkamlash maqsadida qator yarmarkalarning tashkil etilishi o‘zining ijobiy samaralarini bermoqda.
Buni Andijon shahrida bo‘lib o‘tayotgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Ikki kun davom etadigan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va respublikamizning barcha viloyatlaridan mingga yaqin korxona va tashkilot, shuningdek, yakka tartibda faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar, oilaviy korxonalar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.
Yarmarkada yurtimiz avtomobilsozlik sanoatining yirik korxonalaridan biri bo‘lgan «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi avtomobillar uchun butlovchi qismlar va jihozlar yetkazib beruvchi 24 ta korxona mahsulotlari namoyishi ko‘pchilikda katta taassurot qoldirdi.
– Korxonamizda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan turli rusumdagi avtomobillar uchun disklar hamda yurish qismi jihozlari tayyorlanadi, – deydi Farg‘ona shahridagi “Yevroaziya TAPO Dil” O‘zbekiston – Rossiya qo‘shma korxonasi rahbari Baxtiyorjon Bozorov. – Ko‘p yillardan buyon faoliyat yuritamiz, mahsulotlarimiz sifatiga alohida e’tibor qaratamiz. Shu bois ham mahsulotlarimizga talab yuqori.
“O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mamlakatimiz avtomobilsozlik sanoati uchun chetdan olib kelinayotgan import mahsulotlarni mahalliylashtirish, ya’ni ularni mamlakatimizning o‘zida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilarning mazkur yo‘nalishdagi taklif va loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratmoqda.
Yarmarkada trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar ko‘rgazmalari salmoqli o‘rin egalladi. Ayniqsa, “Samo”, “Asaka tekstil” , Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Tillo bill”, Andijon shahridagi “Dinar group”, “Bobur XBK” singari korxonalar mahsulotlariga qiziqish katta bo‘ldi.
[gallery-2955]
– Korxonamizda ayollar, erkaklar va bolalar uchun 50 dan ortiq turdagi trikotaj mahsulotlari tayyorlanadi, – deydi Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Tillo bill” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Shuhrat Matisayev. – Mahsulotlarimiz asosan Rossiya, Qozog‘iston, Moldova davlatlariga eksport qilinadi. Yarmarkada qatnashish orqali mamlakatimizning turli hududlaridagi korxonalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni, yangi hamkorlar topishni o‘z oldimizga maqsad qilganmiz.
Baliqchi tumanidagi “MAGNA SPORT” mas’uliyati cheklangan jamiyati 2012 yildan buyon faoliyat yuritib keladi. Hozirda mazkur korxonada 40 dan ortiq turdagi sport mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
– Korxonamizda ilg‘or xorijiy texnologiyalar asosida futbol, voleybol, basketbol to‘plari, sportchilar uchun shlemlar, umuman, 40 dan ortiq turdagi sport mahsulotlari tayyorlanadi, – deydi korxona rahbari Jaloliddin Ahmedov. – Bejirim va sifatli mahsulotlarimiz nafaqat Andijon, balki qo‘shni Namangan, Farg‘ona viloyatlarida ham sotiladi. bugungi hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasida respublikamizning boshqa hududlaridan ham hamkorlar topish, o‘z mahsulotlarimizni sotish bo‘yicha yangi-yangi shartnomalar tuzishni rejalashtirganmiz.
Mahalliylashtirish dasturi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, qolaversa, korxonalarni modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishga yangi texnologiyalarni joriy etish natijasida viloyatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifat jihatdan ham yaxshilanib borayotganligi yarmarkada namoyish etilgan sanoat, trikotaj, qurilish, sport mahsulotlari, uy-ro‘zg‘or buyumlari misolida yaqqol namoyon bo‘ldi.
– Korxonamizda 60 xildan ziyod turdagi erkaklar, ayollar va bolalar poyabzallari ishlab chiqarilmoqda, – deydi Andijon shahridagi “CAST SHOES” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Muhammadisroil Qo‘chqorov. – Xitoy, Tailand texnologiyalari asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarimizning sifati yuqori. Shu bois ham ularga talab katta. Shundan kelib chiqib, kelgusida ishlab chiqarish hajmini oshirish, shu orqali yangi ishchi o‘rinlari yaratilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Viloyatda qurilish mahsulotlari, mebel va uy-ro‘zg‘or jihozlari ishlab chiqarish hajmi yildan-yilga ortib bormoqda. Yarmarkada ana shu yo‘nalishda faoliyat olib boruvchi qator korxonalar tomonidan namoyish etilgan mahsulotlar ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.
– Korxonamiz “Sifat – baraka kaliti” shiori asosida faoliyat olib boradi, – deydi Andijon shahridagi “IMAX MEBEL” oilaviy korxonasi rahbari Muhammadiy Inomxo‘jayev. – Korxonamizda Germaniya, Xitoy texnologiyalari asosida yotoqxona mebellari tayyorlanadi, mahsulotlarimiz sifatiga alohida e’tibor qaratamiz.
Shu bois ham mahsulotlarimiz xaridorgir. Hozirda mahsulotlarimiz Farg‘ona vodiysi viloyatlarida sotilmoqda. Yarmarkada respublikamizning boshqa hududlarida ham ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha hamkorlar topishni ko‘zda tutganmiz.
Umuman, Andijonda bo‘lib o‘tayotgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi nafaqat unda ishtirok etayotgan ishlab chiqaruvchilar balki, ko‘plab chakana va ulgurji savdo korxonalari vakillariga ham qulay va manfaatli hamkorlik shartnomalari tuzish uchun keng imkoniyat yaratib beradi.
Yarmarka ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov so‘zga chiqdi.
Faxriddin UBAYDULLAEV, Zuxriddin UMRZOQOV (surat), O‘zA