Bugun AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumani Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi faoliyatiga oid qabul qilingan farmon va qarorlar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlandi.
Unda mazkur tashkilotning o‘tgan davrda atom energetikasi, yadro texnologiyalari ob’ektlarida radiatsiya va yadro xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida sanoat xavfsizligi sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshirish va nazorat qilish bo‘yicha erishgan natijalariga urg‘u berildi.
Bu haqda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sardorbek Yakubbekov quyidagilarni ma’lum qildi:
– Prezidentimizning 2024 yil 24 maydagi “Yer qa’ridan foydalanish, sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi hamda atom energiyasidan foydalanish sohalarida davlat boshqaruvi va nazorati tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, “Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonlari qabul qilingan.
Mazkur farmonlar bilan qo‘mitaga bir qator ustuvor vazifalar yuklatildi. Xususan, sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi hamda istirohat bog‘lari attraksionlarining foydalanishdagi xavfsizlik talablarini qayta ko‘rib chiqish, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasidagi xalqaro standartlar va talablarni milliy qonunchilikka joriy etish, sanoat xavfsizligini ta’minlashda masofadan nazorat qilish mexanizmini joriy etish, xavfli ishlab chiqarish ob’ektlaridan foydalanuvchi tashkilotlar xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish kabilar shular jumlasidan.
[gallery-22703]
Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2024 yilda qo‘mita tomonidan jami 49 ta topshiriq ijrosi ta’minlangan bo‘lsa, joriy yilning birinchi choragida bu 47 tani tashkil etgan. O‘tgan qisqa davr mobaynida qo‘mita ishtirokida faoliyat va soha yo‘nalishlarini tartibga soluvchi 10 dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilingan. 607 ta tekshiruv o‘tkazilib, 9 ming 435 ta qoidabuzarlik aniqlangan. 656 nafar ishchiga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.
Shunindek, mamlakatimizdagi 4 ming 427 ta ko‘p qavatli uyda 11 ming 428 ta lift va 148 ta madaniyat va istirohat bog‘laridagi attraksionlar xatlovdan o‘tkazilib, ulardagi mavjud qurilmalar xavfsizligi tekshirildi. Unga ko‘ra, 899 ta tekshirish dalolatnomalari rasmiylashtirildi, 2 862 marotaba sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligiga oid me’yoriy-hujjatlar talablari buzilgani aniqlandi. Bu holatlarni bartaraf etish bo‘yicha 747 ta yozma ko‘rsatma, 121 ta ma’lumotnoma rasmiylashtirildi.
Har bir soha rivoji kadrlar tajribasiga bog‘liq. Joylarda sanoat korxonalarida faoliyat olib borayotgan 30 ming nafardan ortiq ishchi-xodimning sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligiga oid bilimi sinovdan o‘tkazildi. 3 ming 600 nafar injener-texnik hodimni qayta tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Sohani raqamlashtirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, ijtimoiy sohadagi xavfsizlikni raqamlashtirish borasida “xavfsiz attraksion” platformasi yaratildi. Respublikadagi mavjud madaniyat va istirohat bog‘laridagi attraksionlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, ularning yagona reyestri shakllantirildi. Ayni kunlarda sohaga sun’iy intellektga asoslangan dasturiy ishlanmalarni keng joriy qilish bo‘yicha Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda yagona ekotizim ishlab chiqilmoqda.
Shu bilan birga, atom elektr stansiyasi qurilishi bosqichlarini inobatga olgan holda 2025-2026 yillar davomida atom energiyasidan foydalanish sohasidagi 40 ta norma va qoidalar ishlab chiqilishi belgilab olindi.
Ta’kidlash kerakki, qo‘mita xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan mustahkam hamkorlikni amalga oshirish, shuningdek, soha faoliyatiga taalluqli bo‘lgan atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish, kimyoviy, bakteriologik (biologik) va zaharli qurol-yarog‘ni taqiqlash, kimyoviy, biologik, radiologik va yadro materiallarining ta’siri xavfini pasaytirish bo‘yicha xalqaro shartnomalar doirasida O‘zbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishini ta’minlab kelmoqda.
N.Ziyodullayeva, O.Pardayev (surat), O‘zA