Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi ikkita xalqaro ISO sertifikatiga ega bo‘ldi
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida xalqaro boshqaruv standartlarini joriy etishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Ana shu islohotlar natijasida mazkur qo‘mita ISO 9001:2015 va ISO 37001:2025 sertifikatlarini qo‘lga kiritdi.
“QACS International Pvt. Ltd.” tashkiloti tomonidan taqdim etilgan mazkur sertifikatlar qo‘mita faoliyati xalqaro menejment standartlari talablariga muvofiq tashkil etilganidan dalolat beradi. Ushbu hujjatlar tashkilotda joriy etilgan boshqaruv tizimlarining xalqaro talablarga mosligini yana bir bor namoyon etdi.
Xususan, ISO 9001:2015 sertifikati yadro energetikasi va yadro texnologik ob’ektlarida radiatsiya hamda yadro xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, sanoat xavfsizligi sohasida sifat menejmenti tizimi samarali yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi. ISO 37001:2025 sertifikati esa korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi xalqaro talablar asosida joriy etilgani, korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va oldini olish, halollik, shaffoflik, hisobdorlik hamda manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish mexanizmlari samarali yo‘lga qo‘yilganini anglatadi.

Qo‘mita axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur sertifikatlarning qo‘lga kiritilishi zamonaviy boshqaruv, sifat menejmenti va korrupsiyaga qarshi komplayens tizimlarini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasidir. Bu esa davlat boshqaruvida ochiqlik, samaradorlik va ishonchlilikni yanada mustahkamlash, shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun muhim asos yaratadi.
Ma’lumot o‘rnida, ISO 37001:2025 sertifikati 2026-yil 14-iyulda, ISO 9001:2015 sertifikati esa 24-iyulda rasmiylashtirilgan bo‘lib, har ikkisi ham yillik nazorat auditlari muvaffaqiyatli o‘tkazilishi sharti bilan uch yil muddat davomida amal qiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA