Sanoat korxonasining yana bir bosqichi ishga tushdi
Qarshi shahridagi “Sulton Tex Group” mas’uliyati cheklangan jamiyati korxonasining aralash ip-kalava ishlab chiqarish loyihasining ikkinchi bosqichi ishga tushdi.
Ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda viloyatda yetishtirilgan paxtani hududning o‘zida qayta ishlab, tayyor mahsulot holatiga keltirish, bu jarayonni qamrab oluvchi tekstil korxonalarini tashkil etish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yillar davomida yetishtirilgan paxta xomashyosining 53 foizi yoki 72,6 ming tonnasi viloyatning o‘zida qayta ishlangan bo‘lsa, 2022 yil yakuni bilan bu ko‘rsatkich 100 foizga yetkaziladi. Yaratib berilayotgan imkoniyatlar evaziga, viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 2021-2022 yillarda qiymati 5,2 trillion so‘m bo‘lgan 72 ta loyiha amalga oshiriladi.
– Bu loyihalar amalga oshirilishining yana bir muhim tomoni aholi bandligi ta’minlanib, yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Germaniya, Italiya, Shveysariya, Yaponiyadan olib kelingan, eng so‘nggi rusumdagi, zamonaviy texnologiyalarni o‘zimizning farzandlarimiz, qashqadaryolik qoraqosh, qorako‘z yigit-qizlarimiz boshqarmoqda, – dedi tadbirda ishtirok etgan Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Murotjon Azimov.
Ma’lumki, 2017 yil dekabr oyida 17 million dollar investitsiya mablag‘larini o‘zlashtirish hisobiga yiliga 7 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish loyihasining dastlabki birinchi bosqichi ishga tushirilgan edi. Ikkinchi bosqichda esa Qarshi shahrining “G‘afur G‘ulom” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida qurilish va montaj ishlari olib borildi. Ushbu bosqichda korxonada qiymati 19 million dollar bo‘lgan investitsiya mablag‘lari o‘zlashtiriladi. Qo‘shimcha 8,7 ming tonna aralash ip-kalava ishlab chiqarish imkoni yaratilib, korxonaning ip-kalava quvvati 15,7 ming tonnaga yetkaziladi.
Qo‘shimcha 350 ta yangi ish o‘rni yaratilib, korxonada doimiy ish bilan ta’minlanganlarning soni 600 nafarga yetadi. Ish bilan ta’minlanganlarning aksariyat qismini “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar tashkil etadi.
Korxonada qo‘shimcha quvvatning ishga tushishi bilan viloyatning eksport salohiyati ham sezilarli darajada oshadi va yiliga o‘rtacha 20 million dollar miqdorida eksport amalga oshirish imkoni paydo bo‘ladi. Ayni kunda dunyoning rivojlangan mamlakatlari Turkiya, Rossiya, Xitoy, Misr davlatlari bilan shartnomalar tuzilgan.
[gallery-6436]
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri