Sanoat korxonalarining eksport salohiyatini oshirish masalalari o‘rganildi
Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan sanoat korxonalarida ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulotlar sifati hamda xalqaro standartlarni joriy etish masalalari o‘rganildi.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi mas’ullari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar aniqlanib, ularni hal etish bo‘yicha amaliy choralar belgilandi.
Xususan, mutaxassislar viloyatdagi “Ideal asr” MCHJ, “Leon Universal group” MCHJ, “Typloff” MCHJ, “Diyorbek tuhfasi” MCHJ hamda “Nilufar gul tarovati” MCHJ korxonalarida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari va istiqboldagi loyihalar bilan tanishdi. O‘rganishlar davomida korxonalarda xalqaro standartlarni joriy etish, butlovchi qismlarni rasmiylashtirish, metrologiya va texnik jihatdan tartibga solish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Tadbirkorlarning taklif va murojaatlari tinglanib, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar belgilandi.

Shuningdek, "Diyorbek tuhfasi" MCHJga ishlab chiqarayotgan mahsulotlari uchun muvofiqlik sertifikatini olish masalasida amaliy yordam ko‘rsatildi. Korxona vakillariga xalqaro standartlarni joriy etish, mahsulotlar sifatini oshirish hamda tegishli talablar asosida ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Muloqotlar davomida Prezidentning 2026-yil 16-fevraldagi PF–25-son Farmonining mazmun-mohiyati hamda uning ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ham ma’lumot berildi. Unda sanoat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish va sifat infratuzilmasi talablariga muvofiq faoliyat yuritishini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Qayd etish joizki, bunday o‘rganish va amaliy ko‘maklar korxonalarning ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, mahsulotlar sifatini xalqaro talablar darajasiga olib chiqish hamda eksport imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu kabi ishlarning izchil davom ettirilishidan mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish va tadbirkorlik sub’ektlarining yangi bozorlarga chiqishi uchun yo‘l ochish maqsadi ko‘zlangan.
Hamroz Bayonov, O‘zA