Surxondaryo viloyatidagi Ayritom xarobasi Termiz shahridan 18 kilometr uzoqda Amudaryo qirg‘og‘ida joylashgan qadimiy shahar. Bu yerda xalqimizning o‘tmishdagi tarixi va madaniyati o‘z aksini topgan.
O‘tgan asrning 30 yillarida dastlab shahar xarobasi yaqinidagi Amudaryo tubidan odam haykalchalari ishlangan friz ya’ni, piramon parchalari topilgan. Oradan bir yil o‘tib,Masson rahbarligidagi Termiz arxeologiya kompleks ekspeditsiyasi bu yerda qazish ishlarini olib borib, yana yettita friz bo‘laklari va budda ibodatxonasi xarobasini topadi. I-III asrlarga oid frizlarda qo‘shnay, chiltor, ud, nog‘ora chalayotgan sozandalar, gulchambarlar, meva solingan idishni ko‘tarib olgan yigit-qizlar o‘z aksini topgan. Bu haykallarda nafaqat milliy, diniy, balki ijtimoiy hayotning o‘sha davr ko‘rinishlari aks etgan.
Olis o‘tmishdan so‘zlaydigan Ayritom xarobalaridan topilgan osori-atiqa va boshqa yodgorliklar boy tariximizdan guvohlik beradi. Ajdodlarimizning Kushonlar davridagi tarixi, madaniy merosi, urf-odatlarini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qilayotgani bilan e’tiborni tortadi.
Ayritomning tarixiy ahamiyati uning buddaviylik dini markazi sifatida rivojlangani bilan bog‘liqdir. Eramizning boshlaridan bu hududda buddaviylar xonadonlari va monastirlar bo‘lgan. Qadimshunoslarning fikricha, Ayritom III asrga qadar gullab-yashnagan. Shundan so‘ng parchalanib, qayta tiklanmagan.
Frizlardagi tasvirlar va ularning ma’nosi
Frizlarda uchta asosiy sozanda haykali qolgan bo‘lib, har biri o‘ziga xos xususiyatga ega. Jumladan, birinchi haykalda nog‘ora chertayotgan kulcha yuzli ayol tasvirlangan. Uning o‘ng qo‘lida nog‘orani ushlab turishi uchun ip yoki qayishqoq tasvirlangan bo‘lib, nog‘oraning ko‘tarilgan qismiga zarb berayotgan holati ko‘zga tashlanadi. Kiyimida qisqa yengli ko‘ylak, yoqasi, yeng va yelkasida uchburchak shaklidagi bezaklar, bo‘ynida ikki qator spiralsimon shoda munchoq, qulog‘ida to‘rtburchak va unga ulangan rombsimon shakldagi sirg‘a bor. O‘ng qo‘lida burama shaklda yumaloq toshlardan yaratilgan bilaguzuk va ostin-ustun toshlar bilan ishlangan bilaguzuk taqilgan.

Ikkinchi haykalda torga o‘xshash (ud) asbobini chalayotgan ayol o‘z aksini topgan. U biroz chapga qarab turibdi. Ko‘ylagi uzun yengli va to‘lqinsimon ko‘rinishga ega. Boshiga ro‘mol o‘ralgan. Uning bir uchi yelkasidan orqada qolgan. Boshqa uchi esa qo‘lning yuqori qismi va yelkasini yopib turadi. Ro‘mol ostida jingalak sochlar aks ettirilgan. Qulog‘ida uzun tomchisimon sirg‘a, o‘ng qo‘lida yumaloq toshlar bilan ishlangan bilaguzuk bor. Chap qo‘li bilan cholg‘u asbobining grifini ushlab, o‘ng qo‘li bilan uni chertmoqda.
Uchinchi haykalda arfa chalayotgan sozanda tasvirlangan bo‘lib, uning yuzi to‘g‘riligiga qarab, bosh kiyimidan boy-badavlat ekani oydinlashadi. Bosh kiyimida romb shaklidagi teshikcha bor. Peshonasida zanjirchaga bog‘langan yurakcha shaklidagi taqinchoq, qulog‘ida uzunchoq tomchisimon sirg‘a ko‘zga tashlanadi. O‘ng qo‘lida yengli plastinkali va toshlar bilan boshqariladigan bilaguzuk, chap qo‘lida to‘g‘ri to‘rtburchak toshlar bilan bezalgan bilaguzuk. Bo‘ynida katta shoda munchoq va ikki qator toshli marjon, o‘rtasida medalon ko‘rinishidagi bezak aks ettirilgan. Yelkasiga yengil mato yoki sharf kiyimda, chap qo‘li bilan vertikal holatda cholg‘u asbobini ushlab, o‘ng qo‘li bilan chiltorning torlarini chertmoqda (goreliyefda 9 ta tor ko‘rinadi).
Frizning kompozitsiyasida mavjud akant yaproqlari kabi dekorativ elementlar ellinistik ta’sirni ko‘rsatadi. Tadqiqotlarga ko‘ra, asl qatorda yana ikkita sozanda haykali bo‘lgan. Ammo ular vaqt o‘tishi bilan yo‘qolgan.
Ayritom arxeologik topilmalarining madaniy ahamiyati

Ayritomda olib borilgan qazishma ishlarida miloddan oldingi II asr oxiri va milodiy IV asrga oid ikkita qabr ham topilgan. Birinchi qabrdan qurol-yarog‘i bilan dafn etilgan jangchining qoldiqlari, ikkinchisidan idish-tovoq va zeb-ziynatlar bilan ko‘milgan odamning qoldiqlari aniqlangan. Ushbu topilmalar Ayritomning o‘z davrida harbiy va iqtisodiy o‘rnini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Ayni paytda frizlarning terrakota-bareleflari Sankt-Peterburgdagi Davlat Ermitaj muzeyida saqlanmoqda. Yurtimizdan topilgan bu yodgorliklar dunyoning turli davlatlaridan har yili muzeyga keladigan tomoshabinlarga Kushonlar davri Baqtriya madaniyatini namoyish etmoqda. Markaziy Osiyoda buddaviylikning mashhur, eng qadimgi yodgorliklari O‘zbekistonning janubdagi vohasidan topilganидан mag‘rur hikoya qilmoqda. Boy o‘tmishga ega xalqimizning Kushonlar davridagi tarixi, urf-odatu an’analari va san’atidan unsiz so‘zlab turibdi.
Gavhar Chubalova,
Termiz arxeologiya muzeyi
katta ilmiy xodimi.
O‘zA