O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘likni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
Sanepidqo‘mning asosiy vazifalari va funksiyalari;
Sanepidqo‘m va uning rahbariyati faoliyatini tashkil etish;
Sanepidqo‘m faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari;
Sanepidqo‘mni moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash, xodimlar mehnatiga haq to‘lash, ularni moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish;
Sanepidqo‘mning hisobdorligi o‘z aksini topgan.
Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari, huquqlari va javobgarligini, shuningdek, faoliyatini tashkil etish va hisobot berish tartibini belgilaydi.
Sanepidqo‘m aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va jamoat salomatligi sohasida tarmoq faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va tartibga soluvchi hamda tizimdagi rahbarlik faoliyatini kollegial asosda tashkil etadigan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining tashkiliy bo‘ysunuvida faoliyat yuritadigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Ma’lumot uchun:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 iyuldagi PQ-4790-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari belgilangan edi.
O‘zA