19 may kuni Termizda boshlanadigan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining birinchi yig‘ilishi arafasida "Afghan Eye" podkasti sharhlovchisi Sangar Paykar o‘zaro aloqalarni mustahkamlashning ahamiyati va O‘zbekistonning bu jarayondagi o‘rni haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi geosyosiy sharoitda ushbu anjuman hamkorlik uchun muhim maydonga aylanmoqda. Mintaqalararo aloqalarni mustahkamlash nafaqat global chaqiriqlarga javob berish samaradorligini, balki strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ishonchni oshirishga ham xizmat qiladi. Shuningdek, muloqot o‘zaro manfaatli tashabbuslarni ilgari surish uchun ham samarali maydon bo‘ladi. Bunday hamkorlik mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashning zarur shartidir.
Mutaxassisning qayd etishicha, o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Xususan, Markaziy Osiyodagi hamjihatlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarining mustahkamlanishi kabi ijobiy tendensiyalar Janubiy Osiyo uchun yanada hamjihat va ishonchli hamkorni shakllantirishga yordam berdi. Markaziy Osiyoda erishilgan yutuqlar mintaqalararo hamkorlik ham istiqbolli bo‘lishiga ishonch yaratmoqda.
— Markaziy Osiyoda o‘rnatilgan hamkorlik mexanizmlari Janubiy Osiyoga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin», — deydi Sangar Paykar.
Tahlilchi mintaqalar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashda O‘zbekiston asosiy rol o‘ynashini alohida ta’kidlaydi. Uning fikricha, Toshkentning faol diplomatiyasi va aniq strategik qarashlari mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun o‘ziga xos sharoitlar yaratmoqda.
— O‘zbekiston o‘z tashabbuslari bilan mustahkam konseptual-siyosiy asos yaratdi. Aloqalarni kengaytirishning iqtisodiy foydalari esa sheriklikka bo‘lgan qiziqishni kuchaytirmoqda», — deydi afg‘onistonlik ekspert.
Shuningdek, ekspert Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda Afg‘oniston muhim o‘rin tutishiga ham e’tibor qaratdi.
— Afg‘oniston o‘zining strategik geografik joylashuvi sababli mintaqalar o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in bo‘lib xizmat qiladi va asosiy tranzit markazga aylanish uchun ulkan salohiyatga ega, — deydi tahlilchi. Uning qayd etishicha, ushbu salohiyatni ro‘yobga chiqarish mintaqadagi barcha mamlakatlar bilan izchil hamkorlikni talab etadi.
Shu nuqtai nazardan, “CASA-1000” elektr uzatish liniyasi va Transafg‘on transport yo‘lagining qurilishi va boshqa keng ko‘lamli infratuzilmaviy loyihalar muhim ahamiyatga ega. Ekspertning fikricha, bu loyihalarning amalga oshirilishi mintaqani rivojlantirishga turtki berishi mumkin. Ushbu tashabbuslar keng imkoniyatlarni ochadi. Xususan, bu iqtisodiy-siyosiy aloqalar, mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlab, energetika va transport xavfsizligini ta’minlaydi, Afg‘onistonning mintaqaviy jarayonlarga integratsiyalashuviga xizmat qiladi. Mutaxassisning fikricha, ushbu loyihalar yirik mintaqada uzoq muddatli o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun mustaham poydevor yaratadi.
Sangar Paykar Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida hali ishga solinmagan ulkan iqtisodiy salohiyat mavjudligi va uni ro‘yobga chiqarish uchun aniq sa’y-harakatlar talab etilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunda standartlarni uyg‘unlashtirgan holda transport infratuzilmasini rivojlantirish, savdo to‘siqlarini kamaytirish, o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish, moliyaviy hamkorlikni mustahkamlash va korxonalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish muhim qadamlardan bo‘lishi kerak.
Qolaversa, energetika, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, turizm va raqamli iqtisodiyot kabi katta salohiyatga ega sohalarga ham e’tibor qaratish lozim.
Ekspert Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda Termiz alohida o‘rin tutishini ta’kidladi.
— Termizning boy tarixiy-madaniy merosi o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlashda muhim omil hisoblanadi, — deydi afg‘onistonlik mutaxassis. — Shaharning sivilizatsiyalararo muloqot va Buyuk ipak yo‘li markazi sifatidagi tarixiy ahamiyati umumiy o‘ziga xoslikni shakllantirishga xizmat qiladigan kuchli birlashtiruvchi g‘oyaviy asos yaratadi.