San’atkorlarni soliqqa tortish majburiyatmi yoki imtiyoz?
Shu kunlarda, san’atkorlarning daromadlarini deklaratsiya qilish, ijtimoiy soliq to‘lovlari va mualliflik huquqidan keladigan tushumlar masalasi ko‘plab bahslarga sabab bo‘lmoqda.
Toshkent davlat yuridik universiteti Huquqni sohalararo o‘rganish fakulteti Tadqiqot markazi ilmiy xodimi Nizomiddin Kozimov san’atkorlar uchun joriy etilgan soliq mexanizmlari va bu boradagi xalqaro standartlar haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
— Avvalo, bugungi kunda O‘zbekistonda san’atkorlar qaysi tartibda soliq to‘laydi?
— O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, san’atkorlar asosan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Bu tizim ijodkorlar uchun juda qulay. Ular jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan 12 foiz ozod qilingan. Faqatgina bir yillik ish stajiga ega bo‘lish uchun ixtiyoriy ravishda bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) bir baravari miqdorida ijtimoiy soliq to‘laydi.
Biroq agar san’atkorning yillik daromadi 100 million so‘mdan oshsa, u yakka tartibdagi tadbirkor (YATT) sifatida ro‘yxatdan o‘tishi va aylanmadan olinadigan soliq to‘lashi talab etiladi.
– Xalqaro amaliyotda, masalan, AQSH yoki Yevropada san’atkorlar solig‘i qanday ishlaydi?
– G‘arb davlatlarida tizim biroz murakkabroq, lekin adolatli tamoyillarga asoslangan. AQSHda san’atkorlar mustaqil pudratchi hisoblanadi. Ularning solig‘i sof foydadan olinadi. Masalan, xonanda konsertdan tushgan tushumdan o‘zining liboslari, transporti, reklama va jamoasi uchun sarflagan xarajatlarini chegirib tashlaydi va qolgan qismidan soliq to‘laydi. Bizda ham asta-sekin mana shunday xarajatlarni chegirish tizimiga o‘tish ehtiyoji sezilmoqda.
Xarajatlarni chegirish, ya’ni san’atkor o‘zining professional faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni daromadidan ayirib tashlash huquqiga ega.
Bunga quyidagilar kiradi. Jumladan, texnik xarajatlar: studiya ijarasi, cholg‘u asboblari, ovoz yozish xizmati.
Logistika va marketing: transport, mehmonxona, reklama va PR kampaniyalari.
Jamoa ta’minoti: prodyuser, administrator, vizajist va raqqosalar uchun to‘langan gonorarlar.
Imij xarajatlari: sahna liboslari va grimm (faqat sahna uchun mo‘ljallangan bo‘lsa).
— Ko‘pchilikni qiziqtirgan masala, to‘y va marosimlardagi daromadlar qanday nazorat qilinadi?
— Bu eng og‘riqli nuqtalardan biri. Hozirda bu asosan "ishonch" va "litsenziya" tizimi orqali tartibga solinadi. "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi tomonidan beriladigan reyting guruhlari va litsenziya to‘lovlari amalda soliqning bir turi vazifasini o‘taydi. Lekin kelajakda raqamlashtirish orqali, ya’ni shartnomalar va bank o‘tkazmalari tizimini rivojlantirish orqali bu jarayonni yanada shaffof qilish ko‘zda tutilgan.
— San’atkorlar uchun soliq tizimini takomillashtirish bo‘yicha qanday takliflaringiz bor?
— Birinchidan, "Ijodiy xarajatlar" tushunchasini qonunchilikka kiritish kerak. San’atkor o‘z ijodi uchun sarflaydigan mablag‘lari (klip suratga olish, aranjirovka) soliq solinadigan bazadan chiqarilishi lozim.
Ikkinchidan, mualliflik huquqi (royalti) tushumlarini alohida, imtiyozli tartibda soliqqa tortish tizimini joriy etish kerak. Bu ijodkorlarni ko‘proq sifatli mahsulot yaratishga rag‘batlantiradi.
San’atkorlar uchun soliq faqat davlat byudjetini to‘ldirish vositasi emas, balki ularning ijtimoiy himoyasini (pensiya, sug‘urta) ta’minlash mexanizmi bo‘lishi lozim. Xalqaro tajribani milliy mentalitetimizga moslashtirish orqali adolatli va shaffof tizim yaratish mumkin.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA