San’atkorlar Vatan posbonlari xizmatida
Termiz shahrida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston armiyasi-mamlakat qudrati, yuksak g‘urur va sadoqat timsoli” shiori ostida madaniy tadbir o‘tkazildi.
Mudofaa vazirligining Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrugi Termiz garnizoni harbiy xizmatchilari va ularning oila a’zolari uchun Surxondaryo viloyat drama teatri san’atkorlarining qiziqarli dasturi namoyish etildi.

Taniqli aktyor va aktrisalar tinch, osuda hayotimiz va obod, farovon turmushimizni ta’minlayotgan harbiylarni Vatan himoyachilari kuni bilan tabriklab, ularning jasoratga to‘la xizmatlarini alohida e’tirof etdi.
“Uydagi gap ko‘chada” spektakli namoyish etildi.

Teatr rejissyori M.Jumayev sahnalashtirgan mazkur spektaklda uzog‘imizni yaqin, mushkulimizni oson qilayotgan uyali aloqa vositalarining jamiyatdagi o‘rni, shuningdek, yosh avlod ongu-shuuriga ta’siri haqida so‘z yuritiladi. Zamonaviy aloqa vositasiga ruju qo‘yishning salbiy oqibatlari hamda Laziz ismli yigitning qishloqda kitobxonlikni targ‘ib qilishi ibratli va kulgili voqealar asosida yuksak mahorat bilan gavdalantirilgan. Uyali aloqa vositalaridan maqsadli foydalanish, ko‘proq kitob mutolaa qilib, ilm-fan sirlarini chuqur egallash g‘oyasi ilgari surilgan.

Tadbir yakunida teatr san’atkorlarining ona Vatan, tinchlik va muhabbatni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlari ham tomoshabinlarga bir olam quvonch ulashdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri