San’atga bag‘ishlangan umr — millat ma’naviyatiga qo‘shilgan bebaho hissa
Har bir xalqning ma’naviy qiyofasi uning san’ati, madaniyati va shu sohada fidoyilik bilan mehnat qilgan ijodkorlari orqali namoyon bo‘ladi.
Ularning umri davomida yaratgan asarlari, sahnada gavdalantirgan obrazlari va tarbiyalagan shogirdlari millatning madaniy merosini boyitib, kelajak avlod uchun qimmatli boylikka aylanadi. Ana shunday ulug‘ san’atkorlardan biri — O‘zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova.
Gulchehra Jamilovaning 80 yillik tavalludi munosabati bilan uning milliy teatr va kino san’ati rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi munosib e’tirof etildi. Bu o‘zbek madaniyati va milliy sahna san’ati taraqqiyotiga umrini bag‘ishlagan ijodkorga ko‘rsatilgan yuksak ehtiromning yorqin ifodasi bo‘ldi.
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tomonidan yo‘llangan tabrikda Gulchehra Jamilovaning ko‘p yillik sermazmun ijodiy faoliyati, u yaratgan unutilmas sahna va ekran obrazlari, milliy madaniyatimizni yuksaltirish yo‘lidagi fidokorona mehnati alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida san’at sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, milliy madaniyatimiz rivojiga qo‘shgan munosib hissasi hamda yosh avlod tarbiyasidagi xizmatlari uchun Gulchehra Jamilova “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Marosimda ishtirok etgan san’at ahli, hamkasblar va shogirdlar ustoz san’atkorning milliy teatr va kino san’ati taraqqiyotidagi beqiyos o‘rnini, boy ijodiy merosi va ko‘plab yosh ijodkorlar uchun haqiqiy mahorat maktabi ekanini alohida ta’kidladi.
Gulchehra Jamilovaning hayot va ijod yo‘li san’atga sadoqat, mehnatsevarlik va milliy qadriyatlarga hurmatning yorqin namunasidir. Bunday ijodkorlarning mehnatini munosib qadrlash nafaqat ularga ehtirom, balki milliy madaniyatimiz ravnaqiga xizmat qilgan insonlarga berilgan yuksak bahodir. Bu e’tirof esa yosh avlodni san’atga mehr, kasbga sadoqat va milliy merosga ehtirom ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA