San’at xalqlarni birlashtiradi
Joriy yilning 26 aprel kuni Amaliy san’at muzeyida O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi ko‘magi bilan Emma Frelat Anna ishlarining ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi
Emma Frelat Anna Fransiya Kasb-hunarlar oliy maktabining 5-bosqich talabasi. O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi, O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi va A.S.I.E xalqaro jamg‘armasi ko‘magida tashkil etilgan dasturga ko‘ra, Emma ikki oy mobaynida Rishton, G‘ijduvon, Urgut va Xorazm kulolchilik maktablari bilan tanishdi va bu san’at turining sir-asrorlarini o‘rgandi.
Mazkur namoyishda Emma o‘z taassurotlari va kelgusi rejalari bilan o‘rtoqlashgan.
- Kursning dastlabki oyida men kulolchilik buyumlarini to‘g‘ri bukish, ikkinchi oyida – shakllar yaratishni o‘rgandim. Bu men uchun beqiyos tajriba maktabi bo‘ldi, - deydi Emma O‘zA ga bergan intervyusida.
Ko‘rgazmaga to‘plangan O‘zbekiston kulolchilik ustalari ishlarni sarhisob qilar ekan, fransiyalik talabaning mehnatsevarligi va uning kulolchilik ishining sir-asrorlarini nechog‘lik tez o‘zlashtirganini alohida qayd etishdi.
- Ushbu loyiha kulolchilik san’atini nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham yanada ommalashtirishga xizmat qiladi. Xususan, Emma o‘quv kursi davomida yaratilgan barcha buyumlarini Fransiya ko‘rgazmalarida taqdim etishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, “Hunarmand” uyushmasi fransuz talabasini yaqin orada O‘zbekstonda bo‘lib o‘tadigan ko‘rgazmalarda ishtirok etishga taklif qildi, - deydi O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasining raisi Ulug‘bek Abdullayev.
O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi talabalar almashinuvi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi.
Gulruh Abdullayeva, O‘zA