O‘zbekiston kino va teatr san’ati ravnaqida durdona kino asarlari yaratgan fidoyi ustozlarning hissasi beqiyosdir. Ulardan biri atoqli kinorejissyor Shuhrat Abbosov edi.
Shuhrat Abbosov 1931 yil 16 yanvarda Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. 1949 yili Toshkent tibbiyot texnikumini tamomlagan. San’atga bo‘lgan qiziqishi ustunlik qilgan Sh.Abbosov 1954 yili Toshkent teatr san’ati davlat instituti – hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining rejissyorlik fakultetini tamomlaydi.
Mehnat faoliyatini Yangiyo‘l shahridagi Toshkent viloyati musiqiy drama teatrida rejissyor sifatida boshlagan. 1958 yili “Mosfilm” studiyasi qoshidagi Oliy rejissyorlik kursini tamomlagan. 1982-1986 yillarda “O‘zbekfilm” kinostudiyasida rejissyor, keyinchalik direktor, O‘zbekiston kinematograflari uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori kabi mas’ul lavozimlarda samarali mehnat qilgan.
O‘zining 60 yildan ziyod ijodiy faoliyati davomida milliy teatr va kino san’ati rivojiga katta hissa qo‘shgan Shuhrat Abbosov tomonidan yaratilgan “Maysaraning ishi”, “Og‘riq tishlar” kabi spektakllar, “Sen yetim emassan”, “Mahallada duv-duv gap”, “Toshkent – non shahri”, “Abu Rayhon Beruniy” singari badiiy filmlar san’atimizning “oltin fondi”dan munosib va mustahkam o‘rin egallagan.
Shuhrat Abbosovning mehnatlari yuksak qadrlanib, “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvoni, Hamza nomidagi Davlat mukofoti, “El-yurt hurmati” ordeni, “Shuhrat” medali va boshqa qator unvonlarga sazovor bo‘lgan.
* * *
Bugun shuningdek, iste’dodli ijodkor, ustoz rejissyor Bahodir Yo‘ldoshevning milliy teatr san’atidagi ezgu va ibratli an’analarini davom ettirib kelayotgan san’atkor, “Diydor” teatr-studiyasi rahbari Bobur Yo‘ldoshev tavallud topgan kun.

Bobur Yo‘ldoshev “Osmondagi bolalar-2", “Dev bilan pakana”, “Sevinch”, “Go‘zallik siri”, “Vatan”, “Osmon yaqin”, “Zabarjad”, “Faqat g‘alaba”, “Oy ostidagi hovli”, “Maktub”, “Tahdid”, “Taqdir”, “Yagona va betakror”, “Meni tushun”, “O‘kinch”, “Omad”, “Arzanda”, “Yuzma-yuz”, “Kechikkan hayot”, “Tog‘a”, “Qo‘rg‘on”, “Qo‘rg‘oshin” kabi filmlarda rang-barang rollarni ijro etgan.
Bobur Yo‘ldoshev milliy kino sohasida o‘tkazilgan bir qator ijodiy tanlovlarda sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘lgan. Rejissyor Ayub Shahobiddinovning “Kechikkan hayot” filmidagi eng yaxshi erkak roli uchun 2012 yilda Rossiyaning “Zolotoy Vityaz” mukofotini ham qo‘lga kiritgan.
Bugungi kunda Bobur Yo‘ldoshev rahbarlik qilib kelayotgan “Diydor” teatr-studiyasi yurtimiz va jahon dramaturglarining eng sara namunalarini tomoshabinlarga taqdim etib kelmoqda.
N.Usmonova,
O‘zA