Sanʼat bugun bizga nima demoqda?
Zamonaviy sanʼat ötmişga nazar taşlaş, bugungi voqelikni anglaş va oddiy buyumlar ortidagi maʼnolarni kaşf etiş imkonini beradi. Bugun rassomlar tarixiy xotira, milliy anʼanalar, ekologik muammolar va şaxsiy keçinmalarni turli badiiy vositalar orqali ifodalamoqda.
Baʼzan bir parça mato inson xotiralarini, yoğoç konstruksiya butun bir xalqning madaniy merosini, metall installyatsiya esa tabiat va inson munosabatlarini aks ettiradi. Anʼanalar zamonaviy sanʼatda qanday yangi maʼno kasb etmoqda? Ötmişga murojaat qiliş orqali bugungi kun haqida nimalarni aytiş mumkin?
Mazkur savollar yuzasidan XI Toşkent xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesi taassurotlari haqida Özbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Malaka oşiriş markazi direktori Davronbek Şukurov bilan suhbatlaşdik.
— Bu yilgi biyennale sizda qanday taassurot qoldirdi?
— Eng avvalo, asarlarning xilma-xilligi eʼtiborimni tortdi. Körgazmada yirik installyatsiyalar, anʼanaviy materiallar asosida yaratilgan işlar va şaxsiy keçinmalarga bağişlangan loyihalar namoyiş etildi. Zamonaviy sanʼatning öziga xosligi ham şunda: har bir rassom dunyoga öz nuqtai nazaridan qaraydi. Kimdir tabiat, boşqasi xalqining tarixi, yana biri oilaviy xotiralar haqida sözlaydi. Toşkentda bunday xalqaro biyennalening ötkazilişi milliy sanʼatimizni jahon badiiy jarayonlari bilan qiyoslaş va xorijiy ijodkorlar tajribasi bilan tanişiş uçun muhim imkoniyatdir.
— Biyennalening tört nafar ğolibi turli uslubda ijod qilsa-da, ularning işlarida xotira mavzusi muştarak. Bu tasodifmi?
— Menimça, bugungi sanʼatda xotira mavzusiga qiziqiş ortib borayotgani bejiz emas. Xotira faqat ötmişdagi voqealarni eslaş emas. U insonning tuğilib ösgan yeri, oilasi, madaniy ildizlari va tabiat bilan munosabatini ham qamrab oladi. Biyennale ğoliblari bu mavzuni tört xil badiiy yondaşuv orqali oçib bergan.
Biyennalening Gran-pri mukofoti Marina Borodinaga berildi. Uning installyatsiyalarida metall tör, aks ettiruvçi yuzalar, yoruğlik va videoproyeksiyalar uyğunlaşgan.
— Rassomning işlarida tomoşabin asarning bir qismiga aylanadi. Bu yondaşuvning ahamiyati nimada?
— Borodinaning installyatsiyalarini faqat taşqaridan kuzatiş yetarli emas. Tomoşabin ular orasida harakatlanib, yoruğlik, akslar va makonning özgarişini his qilişi kerak. Asarni idrok etiş insonning qayerda turgani va unga qaysi nuqtadan qarayotganiga ham boğliq. Şuningdek, rassom inson va tabiat munosabatiga ham eʼtibor qaratadi. Metall, yoruğlik va videotasvirlar orqali atrof-muhitning özgaruvçanligi haqida öylaşga undaydi.
— Scole ijodiy jamoasining «The Centennial Nest» («Yuz yillik uya») loyihasi birinçi öringa munosib körildi. Unda saxa xalqining anʼanaviy turar joyi — urasa obrazi zamonaviy talqinda aks etgan. Bu loyihaning asosiy ğoyasi nimada?

— Mualliflar anʼanani özgarişsiz saqlanişi kerak bölgan meros sifatida emas, balki yangi ğoyalar uçun manba sifatida köradi. Urasa obrazi asarda saqlangan, ammo uning badiiy vazifasi özgargan. Bu anʼanaviy turar joyning nusxasi emas, balki mustaqil zamonaviy sanʼat asaridir. Yoğoç konstruksiya, naqşlar, yoruğlik va soya uyğunligi orqali taniş madaniy obraz yangi maʼno kasb etgan.
— Demak, milliy anʼanalar bugun rassomlar uçun faqat bezak emas, balki badiiy fikrlaş vositasiga aylanmoqda?
— Albatta. Ilgari milliylikni sanʼatda aks ettiriş köpinça naqşlar, milliy liboslar yoki dekorativ elementlardan foydalaniş bilan çeklanardi. Bugun esa rassomlar anʼanaviy meʼmorçilik va hunarmandçilik usullari orqali zamonaviy jamiyat, inson va atrof-muhit haqida fikr bildirmoqda. Natijada anʼana asarning taşqi bezagi emas, balki asosiy ğoyasiga aylanadi.
Ikkinçi örin Nuriddin Rasulovning «Korabli pustini» («Sahro kemalari») loyihasiga berildi. Rassom Orol dengizi fojiasiga murojaat qilib, kema şaklidagi yoğoç konstruksiya yaratgan. Asarda milliy yoğoç öymakorligi va rangtasvir elementlaridan ham foydalanilgan.
— Suvsiz sahro örtasida qolgan kema obrazi juda taʼsirçan. Bu obraz orqali rassom nima demoqçi?
— Bu obrazning taʼsir kuçi – uning ortida haqiqiy tarixiy fojia turganida. Suvsizlik örtasidagi kemani körganimizda, beixtiyor Orol dengizi, u bilan boğliq hayot tarzi, unga boğliq odamlarning taqdirini eslaymiz. Rassom faqat ekologik muammoni tasvirlamaydi, balki tabiatdagi özgarişlar odamlarning turmuş tarzi va madaniyatiga qanday taʼsir qilişini ham körsatadi. Milliy öymakorlik usullarining qöllanilişi esa asarga madaniy mazmun bağişlagan.
— Birgina badiiy obraz orqali butun bir mintaqaning tarixi haqida hikoya qiliş mumkinmi?
— Albatta. Ekologik muammolar haqida gapirganda köpinça raqamlar va statistikaga tayanamiz. Ammo ular ortida turgan inson taqdirini har doim ham his qila olmaymiz. Sanʼat esa muammoning odamlar hayotiga taʼsirini körsatadi. «Sahro kemalari» loyihasi Orol fojiasi faqat ekologik muammo emas, balki mintaqaning umumiy tarixi, xotirasi va madaniy hayoti bilan boğliq ekanini eslatadi.
Uçinçi örin hindistonlik rassom Priti Samyuktaning «Stitching Memories» («Xotiralarni tikiş») turkumiga berildi. Rassom qarindoşlari va döstlari sovğa qilgan eski kiyimlardan olingan mato parçalaridan foydalanadi. Uning ijodiy yondaşuviga AQŞning Alabama ştatidagi Taskalusa şahrida Fulbright-Nehru dasturi doirasida örganilgan Gee’s Bend loskut körpaçalari tajribasi ham taʼsir körsatgan.
— Oddiy mato parçalari qanday qilib kuçli badiiy maʼno kasb etadi?
— Har bir mato parçasi ortida inson hayoti bilan boğliq xotira bor. Bu yaqin kişining kiyimi yoki muayyan voqeani eslatadigan buyum bölişi mumkin. Rassom ana şu parçalarni birlaştirib, turli xotiralarni yagona kompozitsiyaga jamlaydi. Şu tariqa mato inson tajribasi va keçinmalarini ifodalovçi vositaga aylanadi. Uning işlarida qöl mehnatiga xos notekis çoklar, tugunlar va iplar ham yaşirilmaydi. Aksinça, ular asarning badiiy qismi sifatida saqlanadi.

— Tört nafar ğolibning işlarini birlaştirib turgan asosiy jihat nimada?
— Ularning barçasi xotira va özlik masalasiga turli nuqtai nazardan yondaşgan. Marina Borodina tabiat va makonning özgaruvçanligiga, Scole jamoasi saxa xalqining madaniy merosiga, Nuriddin Rasulov Orol fojiasiga, Priti Samyukta esa insonlarning şaxsiy xotiralariga murojaat qilgan. Materiallar ham turliça: metall, yoğoç, mato va yoruğlik. Ammo ularning har birida material şunçaki badiiy vosita emas, balki asar mazmunini oçib beruvçi muhim qismga aylangan.
— Biyennale tajribasidan kelib çiqib, Özbekistonda zamonaviy sanʼatni rivojlantiriş uçun nimalarga eʼtibor qaratiş kerak?
— Eng avvalo, anʼana va zamonaviylikni bir-biriga qarama-qarşi qöymaslik lozim. Zamonaviy sanʼat deganda faqat yangi texnologiyalar yoki ğayrioddiy materiallarni tuşunmaslik kerak. Yoğoç, mato va boşqa anʼanaviy materiallar orqali ham dolzarb badiiy ğoyalarni ifodalaş mumkin. Muhimi, rassom ular yordamida qanday fikrni yetkaza olişida.
Özbekistonda amaliy sanʼat, meʼmorçilik, hunarmandçilik va rangtasvirning boy anʼanalari mavjud. Ularni asrab-avaylaş bilan birga, yangi ijodiy izlanişlar uçun ham asos sifatida köriş zarur. Xalqaro körgazmalar va biyennalelar esa rassomlar örtasida tajriba almaşiş va madaniy muloqotni rivojlantirişga xizmat qiladi.
Menimça, bu yilgi biyennalening muhim xulosasi şuki, ötmişga murojaat qiliş kelajakdan voz keçiş degani emas. Aksinça, öz madaniy ildizlarini anglagan ijodkor yangi ğoyalar yaratiş uçun mustahkam asosga ega böladi.
ÖzA muxbiri
N.Usmonova yozib oldi.