Samimiy qutlovlar
Mamlakatimiz mustaqilligining 26-yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlaridan samimiy qutlovlar kelmoqda. Ularda davlatimiz rahbariga baxt-saodat, omonlik va muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, ravnaq hamda farovonlik tilab, chin dildan ezgu istaklar izhor etilgan.
Mamlakatimiz mustaqilligining 26-yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlaridan samimiy qutlovlar kelmoqda. Ularda davlatimiz rahbariga baxt-saodat, omonlik va muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, ravnaq hamda farovonlik tilab, chin dildan ezgu istaklar izhor etilgan.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari!
O‘zbekiston Respublikasi hukumati va xalqiga Mustaqillik kuni munosabati bilan o‘zimning samimiy tilaklarimni izhor etish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Biz buyuk orzu-umidlar bilan birga, turli taloto‘plar davrida yashayapmiz. Men bu yilni butun jahonda tinchlikni ta’minlashga da’vat bilan boshladim. Insoniyat intilayotgan barcha ne’matlar – qadr-qimmat, odil sudlov, taraqqiyot va farovonlik bevosita tinchlik bilan bog‘liq. Bu qadriyatlar BMT Nizomida mustahkamlab qo‘yilgan va bizni birlashtirib turadi.
Sizning bayram quvonchingizga sherik bo‘lar ekanman, BMTning ko‘p millatli tashkilot ekani butun jahonda bir-biridan uzoqlashish hodisasi kuzatilayotgan bir paytda umumiy sa’y-harakatlarimizni mustahkamlashga xizmat qilayotgani, umuman, insoniyligimizni belgilab berayotganini ta’kidlamoqchiman.
Ushbu qutlug‘ kunda Siz rahbarlik qilayotgan O‘zbekiston BMTni mustahkamlash, barchaga tinchlik, taraqqiyot va inson huquqlarini ta’minlash yo‘lidagi umumiy sa’y-harakatlarimizni yanada faollashtirishga munosib hissa qo‘shishiga ishonaman.
Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan yuksak hurmatimni qabul qilgaysiz.
Antoniu Guterrish,
BMT Bosh kotibi
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident Janoblari!
Sizni va O‘zbekiston xalqini o‘zim va vatandoshlarim nomidan O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etaman.
Joriy yilda biz O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25-yilligini nishonlamoqdamiz. O‘tgan chorak asrda biz siyosat, iqtisodiyot, xavfsizlik, madaniyat sohalarida, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorligimizni rivojlantirishga erishdik. Ishonamanki, bundan buyon ham hamkorligimizni yanada mustahkamlaymiz.
Germaniya O‘zbekistonda davlat boshqaruvi, adliya sohasi, iqtisodiyot va jamiyatni rivojlantirish borasidagi muhim islohotlarni amalga oshirishda ko‘maklashishga tayyor. Shuningdek, Sizni ishontirib aytamanki, Germaniya O‘zbekistonning mintaqadagi davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Siz va oilangizga sihat-salomatlik va farovonlik, O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va taraqqiyot tilayman.
Frank-Valter Shtaynmayyer,
Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Siz, Janobi Oliylariga Milliy bayram – Mustaqillik kuni munosabati bilan ezgu tilaklarimni izhor etish hamda O‘zbekiston xalqiga kelgusi yilda baxt-saodat va farovonlik tilashdan bag‘oyat baxtiyorman.
Yelizaveta II,
Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya
Birlashgan Qirolligi Qirolichasi
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Milliy bayram – O‘zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy tilaklarimni qabul qilgaysiz.
Siz davlat rahbari sifatida faoliyat boshlaganingizdan buyon xalqlarimiz o‘rtasida asrlar davomida shakllangan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari yangi bosqichga ko‘tarilganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etaman. Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik bundan buyon ham rivojlanib, mazmun jihatdan boyib boraveradi.
Fursatdan foydalanib, Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, davlat rahbari sifatidagi faoliyatingizda mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va ulkan muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga tinchlik, ezgulik va farovonlik tilayman.
Hurmat bilan
Almazbek Atamboyev,
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti
* * *
Shuningdek, quyidagilar o‘z tabriklarini yo‘llagan:
Avstraliya General-gubernatori Piter Kosgrouv
Avstriya Respublikasi Federal Prezidenti Aleksandr Van der Bellen
Myanma Prezidenti Txin Chjo
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev
Slovakiya Respublikasi Prezidenti Andrey Kiska
Ukraina Prezidenti Petr Poroshenko
Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki prezidenti Szin Litsyun
ShHT Bosh kotibi Rashid Alimov
MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev
Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot Bosh direktori Uilyam Leysi Sving
Qutlovlar kelishi davom etmoqda.