Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi institutida YUNESKOning Koinot tadqiqotlari qo‘mitasi (COSPAR - Committee on Space Research), AQSH Milliy aeronavtika va koinot boshqarmasi (NASA), Fransiyadagi kosmik ob-havo xalqaro tashkiloti (ISWI), shuningdek, AQSHdagi quyosh-yer fizikasi bo‘yicha ilmiy qo‘mita, xalqaro radiotexnika ittifoqi hamkorligida “COSPAR Capacity Building Workshop” xalqaro ilmiy seminar boshlandi.
Xalqaro seminarda AQSH, Fransiya, Hindiston, Shveysariya, Ispaniya kabi davlatlardan o‘ndan ortiq olimlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda.
Ikki hafta davom etishi belgilangan seminarda magistr, doktorant va tadqiqotchilardan jami 40 nomzod tinglovchi sifatida saralab olingan. Ularning 20 nafari yurtdoshimiz bo‘lsa, qolganlari AQSH, Hindiston, Turkiya, Misr, Ozarbayjon, Malayziya, Pokiston, Shri-Lanka, Jazoir, Qozog‘iston, Tojikiston kabi 11 davlat vakillaridir.
– Mazkur xalqaro seminar rivojlanayotgan mamlakatlar olimlari va tadqiqotchilari uchun juda muhim, – deydi YUNESKOning kosmik tadqiqotlari qo‘mitasi (COSPAR) raisi, professor Karlos Gabriyel. – Chunki, COSPAR ilm-fan bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini yanada oshirishga harakat qiladi. Samarqand davlat universiteti yuqori ilmiy salohiyatga, boy moddiy- texnik bazaga ega. Shuning uchun ham anjumanni Samarqandda o‘tkazishga qaror qildik. Mazkur anjuman Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tkazilmoqda. Anjuman sabab O‘zbekiston COSPARning 70 ta davlati ro‘yxatiga kiritildi.
Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Akmal Axatov anjuman ochilishidagi kirish so‘zida qayd etishicha, YUNESKOning Koinot tadqiqotlari qo‘mitasi Samarqand davlat universitetida quyosh chaqnashlarini qayd qiluvchi radiospektrometr qurilmasini o‘rnatish va uni xalqaro radiospektrometrlar tarmog‘iga ulashni qo‘llab-quvvatlamoqda.
– Bu juda muhim qurilma bo‘lib, uning yordamida magnit bo‘ronlarining mustaqil prognozini amalga oshirish mumkin. Ayni vaqtda magnit bo‘ronlarining chastotasi quyosh faolligining ko‘tarilish bosqichi tufayli sezilarli darajada ortganligi bu qurilmaning ahamiyatini yanada oshiradi, – dedi A.Axatov.
Seminar davomida SamDU Yadro fizikasi va astronomiya o‘quv-ilmiy markazida muhandis- olimlar tomonidan quyosh radiospektrometr qurilmasi va radioantennaning o‘rnatilishi va xalqaro tarmoqga ulanishi rejalashtirilgan.
Xalqaro ilmiy seminarda ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar dunyoning yetakchi ilmiy markazlari professorlari tomonidan amalga oshirilmoqda.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri