SamDUda onlayn tasviriy san’at ko‘rgazmasi ochildi
Mustaqil ona Vatanimizda hukm surayotgan tinchlikni asrash, farovonlik qadriga yetish har birimizning burchimiz. Zero, xotirjam yurtda ertangi kunga ishonch mustahkam. Farzandlarimiz o‘sib-ulg‘ayishi, komil inson bo‘lib voyaga yetishi uchun zarur bo‘lgan osoyishtalikni ta’minlashda Vatan himoyachilarining o‘rni beqiyos. Yuragida Vatan, xalq sevgisi jo‘sh urgan shijoatli mard o‘g‘lonlar yurt sarhadini sergaklik bilan qo‘riqlaydi.
Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakultetida “Vatan himoyasi muqaddas burch” mavzusida onlayn tasviriy san’at ko‘rgazmasi ochildi. Ko‘rgazmaga san’atshunoslik kafedrasi o‘qituvchisi Jamoliddin Rahmatovning 60 dan ziyod asari qo‘yilgan.
Ijodkorning chizgilari o‘ziga xosligi, jozibadorligi, muayyan yo‘nalishga egaligi bilan ajralib turadi.
- Jamoliddin Rahmatov har jabhada o‘rnak olsa arziydigan ustoz, - deydi SamDU san’atshunoslik kafedrasi mudiri Nigina Mullajonova. - U bir necha yil O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida xizmat qilib, Vatanimiz sarhadlarini himoya qilishga bevosita hissa qo‘shgan. Kasbiga sodiq, vatanparvar inson. Shu bilan birga serqirra ijodkor, mohir rassom, tajribali o‘qituvchi. Shu kunga qadar musavvirning mingga yaqin ijod namunasi muxlislar e’tiboriga havola etilgan. Jamoliddin Rahmatovdan hali ko‘p ijodiy yangilik kutamiz.
- bugungi onlayn san’at ko‘rgazmasida Jamoliddin Rahmatov bilan ham ijodkor, ham shaxs sifatida yaqindan tanishdim, suhbatlashdim, fikr almashdim, - dedi san’atshunoslik kafedrasi o‘qituvchisi O‘sar Qarshiboyev. – Ayni payt uning ijodida, asosan, grafika yo‘nalishi ustuvor. Mumtoz klassik adabiyot namunalari, qolaversa, o‘z ijodiy olami, dunyoqarashidan kelib chiqqan holda Alisher Navoiy asarlari syujeti ustida qator ijod namunalari yaratgan. Demak, ijodkor, qaysidir ma’noda, adabiyotdan, Navoiy va uning durdonalaridan boxabarligi, ta’sirlangani shubhasiz. Bu tahsinga sazovor jihat. Jamoliddin Rahmatovning ishlarini nafaqat respublika, balki xalqaro miqyosdagi anjuman, ko‘rgazmalarda ham kutib qolamiz.
Behruz SHAMSIDDINOV,
SamDU axborot xizmati xodimi,
Shavkat AKRAMOV (surat)
O‘zA