Samarqand davlat universiteti rektori, fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi, professor Rustam Xolmurodov Turkiya Respublikasiga tashrifi doirasida TurkSOY — Turk Davlatlari Tashkilotining madaniyat, san’at va ta’lim masalalari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotining Istanbuldagi qarorgohida bo‘ldi.
Mazkur tashrif doirasida o‘tkazilgan tantanali marosimda SamDU rektori Rustam Xolmurodov hamda universitetning Filologiya fakulteti dekani, taniqli turkolog olim Jo‘liboy Eltazarovga TurkSOY tashkiloti tomonidan ta’sis etilgan oltin medal topshirildi. Ushbu yuksak mukofot Turk dunyosining madaniy va ta’limiy taraqqiyotiga qo‘shilgan katta hissasi uchun beriladi.

Marosimda so‘zga chiqqan TurkSOY Bosh kotibi o‘rinbosari Yerjan Vais, professor Rustam Xolmurodovning turkiy davlatlar oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishdagi fidokorona xizmatlarini, shuningdek, professor Jo‘liboy Eltazarovning turkologiya sohasidagi muhim ilmiy yutuqlarini alohida e’tirof etdi. Tashkilot vakili har ikki olimning ko‘ksiga Turk dunyosining minnatdorchilik va e’tirof nishonini tantanali tarzda taqib qo‘ydi.
Marosim yakunida turkiy davlatlar oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ta’lim va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirishga doir fikr almashildi.

O‘zA