Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev ziyolilar va tarixchi-olimlar bilan uchrashuvda shu savolni o‘rtaga tashladi.
— Samarqand dunyodagi eng qadimiy shaharlardan biri hisoblanadi, ammo bu tarixni ko‘rsatib beradigan joylarimiz sanoqli, — dedi hokim. – Ko‘plab tarixiy manzillar, hatto Amir Temur saroyining joylashish joyi ham kompleks tadqiq qilinmagan. Biz tariximizni tiklashimiz, arxeologik ob’ektlarni topib, restavratsiya qilishimiz kerak.


Uchrashuvda tarix fanlari nomzodi, dotsent Mahmud Nasrullayev, Samarqand arxeologiya instituti direktori Mo‘minxon Saidov hali to‘liq o‘rganilmagan arxeologik ob’ektlar, diyorimizda yashab o‘tgan buyuk insonlar qabrlari, Amir Temur arki va joylashgan joy haqida ma’lumot berdi. Ilmiy tadqiq etish yuzasidan takliflar, ularni o‘rganish jarayonida duch kelinayotgan muammolar aytildi.
A.Boboyev barcha taklif va fikrlar o‘rganib chiqilishi, bu kabi uchrashuvlar tez-tez o‘tkazib turilishini bildirdi.
G‘.Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari