Samarqandlik voleybolchi yigitlar - “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” g‘olibi
“Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi”ning o‘g‘il bolalar jamoalari o‘rtasidagi voleybol musobaqalari har jihatdan yuqori saviyada o‘tdi.
Saralash o‘yinlarida g‘alabaga bo‘lgan kuchli irodasini namoyish etgan Samarqand davlat pedagogika instituti jamoasi finalda Namangan davlat universiteti jamoasi bilan ro‘baro‘ keldi.

Keskin va murosasiz kechgan final bahsida samarqandliklar ishonchli o‘yin namoyish etib, raqiblarini 3:1 hisobida dog‘da qoldirdi.

Shu tariqa, Samarqand davlat pedagogika instituti voleybolchilari “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” g‘olibligini qo‘lga kiritib, chempionlikni tantana qilgan bo‘lsa, Namangan davlat universiteti jamoasi ikkinchi o‘rinni egalladi.

Musobaqaning o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi 3-o‘rin uchun kechgan bahsda Buxoro davlat universiteti hamda Farg‘ona davlat universiteti jamoalari to‘qnash keldi. Ishonchli o‘yin namoyish etgan buxorolik talaba-yoshlar haqli ravishda bronza medallariga egalik qildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA