Samarqandlik ustoz-murabbiylar taqdirlandi
Samarqand viloyati hokimligida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi.
Viloyat hokimi E.Turdimov ta’lim-tarbiya sohasida mehnat qilayotgan samarqandlik ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan tabrikladi. Zahmatli va sharafli kasbda fidoyilik bilan mehnat qilib, yurtimiz kelajagi bo‘lgan yosh avlodni ma’nan va jismonan barkamol etib voyaga yetkazish yo‘lida kuch-g‘ayratini ayamay, kasbga sadoqatini namoyon qilib kelayotgan pedagoglar xizmatlari e’tirof etildi.
Prezidentimizning kuni kecha qabul qilingan farmoniga ko‘ra, besh nafar samarqandlik ustoz va murabbiylar davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangani qayd etildi. Tadbirda ta’lim tizimida samarali faoliyati bilan o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh faol ustoz-murabbiylar viloyat hokimining faxriy yorlig‘i hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
[gallery-8960]
– E’tirof, e’tibor kasbga bo‘lgan mas’uliyatni yanada oshiradi, – deydi Samarqand shahridagi 64-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi, Xalq ta’limi a’lochisi Nargiza Xolmatova. – Kasb bayramimiz arafasida viloyatimiz hokimligi tomonidan ko‘rsatilgan e’tibordan kuch-g‘ayrat olib, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga yanada mas’uliyat bilan yondashib, ularning yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan barkamol avlod qilib tarbiyalaymiz. Ta’lim sohasidagi o‘ttiz yillik tajribam, sohada erishgan yutuqlarim tufayli viloyat miqyosida milliy ta’lim dasturi bo‘yicha trener o‘qituvchi hisoblanaman. Bu yo‘nalishda ham yosh o‘qituvchilarga “ustoz-shogird” an’anasi bo‘yicha kasb sirlarini o‘rgatib, soha rivojiga o‘z hissamni qo‘shaman.
Bugun Samarqand shahrida yangidan bunyod etilgan turistik markazdagi muhtasham Kongress markazida mamlakatimiz o‘qituvchi va murabbiylarining tantanali bayram marosimi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
G‘.Hasanov,
A.Isroilov (surat), O‘zA