Samarqandlik tadbirkorlarning 1 trillion 385 million soʻmlik kreditlari muddati uzaytirildi
Shu maqsadda joriy yilning oʻtgan davrida viloyatda 4068 ta xoʻjalik yurituvchi subyekt 1,6 trillion soʻm miqdorida moliyalashtirildi.
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining bugun oʻtkazilgan toʻqqizinchi sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining koronavirus pandemiyasiga oid farmon va qarorlari ijrosi yuzasidan tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash hamda imtiyozli kreditlar ajratish borasida koʻrilayotgan choralar samaradorligi yuzasidan Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi boshligʻi O.Toʻxtayev hisobot berdi.
Taʼkidlandiki, banklar faoliyatining bugungi kundagi asosiy yoʻnalishi tadbirkorlar faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash orqali koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga boʻlgan salbiy taʼsirini yumshatishga qaratilgan.
Shu maqsadda joriy yilning oʻtgan davrida viloyatda 4068 ta xoʻjalik yurituvchi subyekt 1,6 trillion soʻm miqdorida moliyalashtirildi.
Jumladan, oziq-ovqat sohasida 277 loyiha uchun 181 milliard soʻm, oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 3306 loyihaga 133,7 milliard soʻm, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida 13 loyihaga 32,1 milliard soʻm ajratildi.
Bundan tashqari, xorijiy kredit liniyalarini jalb qilish orqali 352 ta loyiha yuzasidan 44,8 million dollar ajratilib, 1 850 ta ish oʻrni yaratildi.
Bugungi vaziyatdan kelib chiqib tijorat banklari tomonidan joriy yilning 2-iyun holatida viloyat boʻyicha 4871 yuridik shaxsning 1 trillion 321 milliard soʻmlik kreditlari boʻyicha toʻlov muddatlari 2020-yil 1-oktyabrga qadar uzaytirildi.
Xuddi shunday, jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga ajratilgan 152 mingdan ortiq kreditlar boʻyicha ham taʼtillar berildi.