Samarqandlik tadbirkorlarni nima qiynayapti?
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.Qo‘chqorov Samarqand shahridagi yoshlar markazi binosida samarqandlik tadbirkorlar bilan uchrashdi.
Shuningdek, uchrashuvda Respublika savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Samarqand viloyat hokimi E.Turdimov, vazirlik va idoralar mas’ul rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirkorlikni rivojlantirishda yuzaga kelayotgan muammolarni o‘rganish, asosan respublika idoralarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashuvini talab etadigan masalalarni hal qilish maqsadida o‘tkazilgan qabulda 232 nafar tadbirkor 200 dan ortiq masala yuzasidan mutasaddilarga murojaat qildi.
Murojaatchilar tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun to‘siqlarni olib tashlash bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosariga takliflarini bildirdi.
Uchrashuvda sohalar bo‘yicha muammolarni hal etish uchun bank, kadastr va qator vazirliklar, tashkilot va idoralar rahbarlari uchun alohida-alohida xonalarda tadbirkorlar bilan muloqot tashkil etilib, murojaatlari o‘rganib chiqildi.
[gallery-2033]
Yuzma-yuz muloqotlarda tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari issiqxonalarni qayta tiklash, vaqtinchalik faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, aholini ish bilan bandligini ta’minlash va turmush darajasini yaxshilashga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirkorlar orasida maktabgacha ta’lim muassasasi ochishda kredit masalasida kelganlar ham ko‘p bo‘ldi.
– 2018 yil 120 o‘rinli xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi qurish uchun bankka kredit so‘rab murojaat qildim, – deydi “Ilk qadam” xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Manzura Narziyeva. – O‘sha paytda bankda kam foizli resurs tugab qolganligi uchun 22 foizdan tijoriy kredit olishga majbur bo‘lgandik.
Lekin pandemiya sababli ishlarimiz ortga surildi. Shunga qaramay, bank 240 million so‘m foiz hisoblagan, qolaversa, har oyda 67 million so‘m kredit to‘laymiz. Har ikkalasini to‘lashga imkoniyatimiz yo‘q. Shu masalaga yechim topishda yordam so‘rab kelgandim. Markaziy bank va boshqa idoralar mutaxassislari vaziyatni o‘rganib, to‘planib qolgan foizlarni umumiy muddatga bo‘lish va kredit muddatini uzaytirishga yordam qilishdi.
Kredit ajratilishi kechikayotgan loyihalar, bank xizmatlariga doir barcha masalalar tijorat banklari rahbarlari ishtirokida birma-bir o‘rganildi hamda aksariyati joyida hal etildi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA