Samarqandda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovining viloyat hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda tanlovning tuman va shahar bosqichida g‘oliblikni egallagan yoshlar uch yosh toifasi bo‘yicha o‘z bilim va tafakkurini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi.
[gallery-21759]
– “Yosh kitobxon”, “Eng yaxshi kitobxon oila” kabi tanlovlar xalqimizning, ayniqsa, yoshlarning kitobga mehrini, qiziqishini yanada oshirdi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Olimjon Eshqulov. – Mazkur tanlovlarning yakuniy bosqichlarida samarqandlik yigit-qizlar, kitobxon oilalarning g‘olib bo‘lib, Prezident sovg‘asi – avtomobil bilan taqdirlanishi kitobxonlar safini yanada kengaytirdi. Shu sababli mahalla yoshlari ishtirokidagi “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovining ko‘lami yildan-yilga kengayib, qizg‘in bahs-munozaralar bilan o‘tmoqda. Bu gal ham viloyatimizda tanlovning tuman, shahar bosqichlari yoshlarning faol ishtirokida tashkil etildi. Eng zukko, kitobsevar yoshlar g‘oliblikni egallab, hududiy bosqichga yetib keldi.
Tanlov qatnashchilari belgilangan kitoblar bo‘yicha tuzilgan savollarga javob berib, kitoblarning mazmun-mohiyatini qanchalik tushunib olganlarini ko‘rsatishdi. Ularning javoblari taniqli adabiyotshunos olimlar va ijodkorlardan iborat hakamlar hay’ati tomonidan munosib baholandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 10-14 yoshli kitobxonlar bahsida Nurobod tumani Xalqobod mahallasida yashovchi Gulmira Norpo‘latova, 15-19 yoshlilar orasida ham shu tumanning Qo‘rg‘oncha mahallasidan kelgan Mohinur Muxtorova, 20-30 yoshlilar o‘rtasidai esa Kattaqo‘rg‘on shahar Amir Temur mahallasi vakili Muxlisa Ochilova birinchi o‘rinni egallab, tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
Tanlov g‘olib va faol ishtirokchilari tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari