Samarqandlik 7 nafar shaxs afv etildi
Shundan kelib chiqib, mutasaddilar afv etilgan fuqarolarga zarur ijtimoiy-moddiy yordam ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 28 yillik bayrami arafasida Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bulgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonga ko‘ra, jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh fuqaro afv etildi.
Afv qilinganlar orasida Samarqand viloyatidan 7 nafar fuqaro bor. Ularning 5 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilindi, 2 nafarining ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo muddati boshqa turdagi jazo choralari bilan almashtirildi.
– Yigirma yetti yoshga kirdim, - deydi Nurobod tumanining Sho‘rcha qishlog‘ida yashovchi Shohruh Qo‘chqorov. – To‘g‘ri yo‘ldan adashib, dinni niqob qilib olgan kimsalarning yolg‘on va’dalari tuzog‘iga tushib qoldim. Oqibatda 7 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etilgandim. Jazoni o‘tash jarayonida xatoimni angladim, ozodlikning qanchalik qadrli ne’mat ekanligiga amin bo‘ldim. Bugun davlatimiz rahbarining farmoniga asosan muddatidan oldin ozodlikka chiqdim. Buning uchun Prezidentimizdan behad minnatdorman. Hayot oilang, yaqinlaring, tinch va farovon jamiyat bilan mazmunli ekan. Har bir ota-ona o‘z farzandi doim yonida, bag‘rida bo‘lishini istaydi. Bugun 4 yil mening yo‘limga ko‘z tikib, kunni tunga, tunni kunga ulab yashagan onaizorimning bag‘ridaman.
Jazoni o‘tash muassasalaridan ozod etilgan shaxslarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi , hayotga ijtimoiy moslashishi uchun hokimliklar, tegishli idoralar hamda mahalla fuqarolar yig‘inlariga zimmasiga vazifalar yuklatilgan. Shundan kelib chiqib, mutasaddilar afv etilgan fuqarolarga zarur ijtimoiy-moddiy yordam ko‘rsatmoqda.
G‘.HASANOV, O‘zA