Samarqandga Indoneziyadan keladigan sayyohlar oqimi oshadi
Ziyorat turizmi sohasida hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yish maqsadida avval Malayziya, ayni paytda esa Indoneziyada bo‘lib turgan Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev boshchiligidagi delegatsiya muhim uchrashuv va muloqotlar o‘tkazmoqda.
Jumladan, Indoneziya din ishlari vaziri Nasaruddin Umar bilan uchrashuvda Samarqandni ushbu davlatdan keluvchi sayyohlar va ziyoratchilar uchun muhim markazga aylantirish istiqbollari muhokama qilindi. Bu borada Imom Buxoriy majmuasining ahamiyati katta ekanligi alohida ta’kidlandi. Aynan shu maskan atrofida ziyorat turizmini rivojlantirish, yangi yo‘nalishlar yaratish va infratuzilmani yaxshilash ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi.

Uchrashuvda maxsus turizm yo‘nalishlarini ishlab chiqish, transport va logistika tizimini takomillashtirish, shuningdek, ikki davlat ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ham kun tartibidan o‘rin oldi. Nasaruddin Umar Samarqandning boy tarixiy va ma’naviy merosi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun umumiy qadriyat ekanini ta’kidlab, indoneziyalik ziyoratchilarning bu maskanga bo‘lgan qiziqishi yanada ortishiga ishonch bildirdi.

Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev va Indoneziya madaniyat vaziri Fadli Zon uchrashuvida madaniy aloqalarni yanada chuqurlashtirish va turizm salohiyatini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Jumladan, tomonlar yirik media loyihani amalga oshirish – Shayx Mavlono Malik Ibrohim hamda Indoneziyaning birinchi prezidenti Sukarno hayoti va faoliyati haqida filmlar yaratish tashabbusini muhokama qildi. Sukarno Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilgan ilk xorijiy davlat arbobi sifatida tarixda qolgan. Ushbu tarixiy fakt ikki xalq o‘rtasidagi ma’naviy va madaniy bog‘liqlikni namoyon etadi.
Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmatining qayd etishicha, uchrashuvda Samarqand va Jakarta shaharlarida “Madaniyat haftaligi”ni o‘tkazish bo‘yicha ham kelishib olindi.

A.Boboyev Sharqiy Yava provinsiyasi gubernatori Xofifa Indar bilan uchrashuvda ikki hudud o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy, ta’lim va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Gubernator Xofifa Indar Samarqand bilan yaqin aloqalar o‘rnatish Sharqiy Yava uchun ustuvor yo‘nalish ekanini bildirdi.
Tomonlar turizmni hamkorlikning asosiy drayveri sifatida baholab, hududlararo to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidlashdi. Tez orada Sharqiy Yava ulamolari delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri