Samarqandga dastlabki elektrobuslar olib kelindi
Samarqand shahrida aholiga jamoat transporti xizmati ko‘rsatish tizimi takomillashib, transport parki yangilanib bormoqda. O‘tgan yil yakunida va joriy yil boshida “Maroqand trans 777” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan, siqilgan gazda harakatlanuvchi 100 ta zamonaviy avtobus keltirilgan edi. Ayni paytda bu transport vositalari aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Bugun Samarqand shahriga Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining “Yashil shahar” loyihasi doirasida dastlabki 6 ta elektrobus keltirildi. Xitoyning “Yutong” kompaniyasida tayyorlangan ushbu elektrobuslar “Samarqand yo‘lovchi trans” davlat korxonasi parkidan o‘rin oldi. Viloyat transport boshqarmasining ma’lum qilishicha, yil yakuniga qadar loyiha doirasida Samarqandga yana 94 ta elektrobus keltirilishi rejalashtirilgan.



G‘.HASANOV, O‘zA