Mamlakatimiz ta’lim tizimida keyingi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida oliy ta’limga qabul kvotasi 3 barobar oshirilib, umumiy qamrov 28 foizga yetkazildi (Samarqand viloyatida 33 foiz). 4 yil avval bu raqam atigi 9 foizni tashkil etardi.
Oliy ta’lim tashkilotlariga davlat grantlari bilan birgalikda to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilayotgan talabalar soni ham ancha oshdi. Bu esa tabiiyki, ta’lim kreditlariga talabni keskin oshirdi. Ammo, shu paytgacha bu borada talabalar va ularning ota-onalariga aytarli yengillik yo‘q edi. Ta’lim kreditlari umumiy shartlar asosida, yuqori foizlarda ajratilardi.
– Davlatimiz rahbarining 2021 yil 30 iyuldagi “Oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab respublikadagi barcha, ya’ni davlat, nodavlat, respublika hududidagi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish uchun talabalarga qulay sharoitlar yaratish, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ta’lim krediti ajratishning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish belgilandi – deydi Markaziy bank Samarqand viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Suvonqulov.
– Shundan so‘ng joriy yil 18 avgustda Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan “O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi hisobidan tijorat banklari orqali oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlarini ajratish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi.
Ushbu nizom asosida joriy yilning 5 oktyabriga qadar viloyatimizdagi tijorat banklari filiallari tomonidan 224 nafar talabaga 2 milliard 25 million so‘m ta’lim krediti ajratildi. Bu jarayon ayni paytda qizg‘in pallaga kirib bormoqda. Kredit olish istagida bo‘lgan ota-onalar, talabalar ham juda ko‘p. Bu yil viloyatdagi banklar tomonidan ta’lim kreditlari uchun taxminan 71 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Shu o‘rinda ta’lim kreditlari ajratishning avvalgi va hozirgi tizimi o‘rtasidagi farqli jihatlarga e’tibor qaratsak.
2020-2021 o‘quv yili uchun viloyatdagi bank filiallari tomonidan 461 nafar talabaga 4 milliard 667 million so‘m ta’lim krediti ajratilgan. Lekin ularning foiz stavkasi 20 dan yuqori bo‘lgan. Kreditni qaytarish muddati ham hozirgi tizimdan keskin farq qilgan va bu talaba, uning ota-onasi uchun qiyinchilik tug‘dirgan. Misol uchun, viloyatimizdagi tijorat banklari tomonidan 2019-2020, 2020-2021 o‘quv yillari uchun 1027 nafar talabaga 9 milliard 884 million so‘m ta’lim kreditlari ajratilgan bo‘lsa, shundan 58 foizi 3 yil va undan qisqa muddatga, 8 foizigina 5 yil va undan ortiq muddatga ajratilgan.
Ta’lim krediti uzoq muddatli hamda jalb qilinadigan kredit resurslari uchun to‘lanadigan foiz harajatlarini inobatga olganda past foiz stavkada bo‘lganligi hamda banklar uchun foydali bo‘lmaganligi uchun tijorat banklari ushbu kreditni ajratishdan iqtisodiy jihatdan manfaatdor bo‘lmagan, bu esa talabalar tomonidan ta’lim kreditlaridan foydalanishda qiyinchiliklarni keltirib chiqargan.
Yangi tizimda mazkur holat o‘zining iqtisodiy yechimini topdi, ya’ni tijorat banklari jamg‘armadan olingan 10 foizli resurslarni 4 foiz bank marjasini qo‘shgan holda 14 foizli kredit qilib ajratadi. Ya’ni, endilikda 4 foizlik marja tijorat bank filialini ko‘proq ta’lim krediti ajratishga iqtisodiy turtki beradi.
Talabalarning o‘qish davridagi farqdan qat’iy nazar kreditning asosiy qarzini to‘lashda barcha talabalar uchun teng sharoit yaratildi. Talabalik davrida kredit foizi to‘lab boriladi, o‘qishni bitirgach, 7 oy ichida ishga joylashib yoki o‘zini-o‘zi band qilib daromad manbaiga ega bo‘lib, kreditni to‘lash uchun o‘z imkoniga ega bo‘ladi.
Ta’lim krediti tijorat banklari tomonidan oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi ta’lim shaklida bakalavr ta’lim yo‘nalishi va magistratura mutaxassisligiga to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalarga ajratiladi.
G‘.HASANOV, O‘zA