Maqbara yaqin kunlargacha “Ishratxona” deb atalgan. Bir necha yil avval Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi ilmiy xodimlari majmuaning nomi aslida “Ashratxona” (arabcha-forscha o‘nta xona) ekanligini, bu nom talaffuzda o‘zgarib “Ishratxona” tarzida ishlatilib kelinganini asoslab, maqolalar e’lon qildi. Shu tariqa mazkur maqbara moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatiga “Ashratxona” tarzida kiritildi.
Abu Tohirxo‘janing XIX asrning 30 yillarida yozilgan “Samariya” asaridan boshqa bironta manbada maqbara “Ishratxona” nomi bilan atalmaydi.
“Ashratxona” nomi ham shartli ravishda qo‘yilgan. Bu XVIII asrda Buxoro xonligida yuz bergan siyosiy inqiroz bilan bog‘liq. O‘shanda qabilalar o‘rtasidagi urushlar, bir necha marta yuz bergan bosqinlar natijasida hududda vabo tarqalib, aholi Samarqandni tark etadi. Buxoro amiri Shohmurod davrida qayta tiklangan Samarqand haqida turli hududlardan ko‘chirib keltirilgan aholi to‘liq bilimlarga ega bo‘lmasdan qadimiy me’moriy obidalarga o‘zlaricha nom beradilar. Bunday holatlar Samarqand tarixida ko‘p uchraydi. Masalan, Amir Temur maqbarasi orqasidagi obidaning maqbara bo‘lishiga qaramay Oqsaroy deb atalishi, Amir Temur jome’ masjidining Bibixonim jome’ masjidi deb atalishi, Mirzo Ulug‘bekning mashhur rasadxonasi o‘rnining unutilishi ana shu jarayon bilan bog‘liqdir.

Bunyod etilishi tarixi
Maqbara Registon maydonining janubi-sharq tomonida, eski shahar chekkasida joylashgan. Amir Temur hukmronligi yillarida bu yerdan “Darvozai Feruza” dan “Bog‘i Dilkusho” ga va “Bog‘i Bo‘ldi” ga borib taqaluvchi serqatnov yo‘l o‘tgan. Abu Tohirxojaning “Samariya” asarida yozilishicha, bu bino temuriy hukmdorlaridan Abu Said Mirzoning rafiqasi Habiba Sulton begimning buyrug‘i bilan qizi Sulton Hovand Beka uchun barpo qilingan. Maqbara qisqa vaqt ichida, ya’ni 3-4 yil ichida qurilgan. Qurilish ishlari 1463 may oyida tugatilgan. Dastlab Xovand Sulton uchun qurilgan ushbu hashamatli maqbara keyinchalik, temuriylar sulolasi ayollari va bolalari uchun oilaviy daxmaga aylangan. Olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida bu yerda topilgan 20 ta qabrga ega bo‘lgan dahma O‘rta Osiyoda ma’lum bo‘lgan sag‘analardan serhashamligi va kattaligi bilan ajralib turadi.
Maqbara Amir Temur maqbarasi kabi hilxona va ziyoratxonadan iborat qilib qurilgan. Biroq ushbu maqbaraning temuriylar davri boshqa obidalaridan farqi shundaki, uning gumbazi ostida ikkinchi qavat ham joylashgan. Maqbara hilxonasi Amir Temur maqbarasi singari 8-9 diametrdan iborat bo‘lib, sakkiz burchakli qilib qurilgan va tomi yaxshi saqlangan. Xilxonadagi qabrlar saqlanmagan, saqlangan bo‘lsa ham turli yillarda xilxonaga tushgan tuproq uyumlari ostida qolib ketgan bo‘lishi mumkin. Maqbaraning birinchi qavati ikki yon tomonida bittadan qo‘shimcha xonalar mavjud. Janubi-g‘arbiy yon tomonidagi xona orqali pastga-hilxonaga tushadigan zinapoya qurilgan. Har ikki yon tomondagi xonalar orqali maqbaraning ikkinchi qavatiga eltuvchi zinalar mavjud. Zinalarning umumiy soni 4 ta. Shuningdek, maqbara kirish peshtoqining ikki yon tomonlarida ham bittadan xonalar mavjud.

Samarqand muzeyiga rahbarlik qilgan V.Vyatkinning yozishicha, maqbaraning gumbazi yerdan 26,7 metr balandlikda, ikkinchi qavat tomidan 7,8 metr balanlikda bo‘lgan. Gumbaz barabanining diametri unchalik katta bo‘lmasdan 8,75 metrni tashkil etgan. Devorlari boshqa temuriylar davri binolaridan farqli ravishda 2 g‘isht qalinlikdan iborat qilib ishlangan. Maqbara Sulton Xovand Bikaga bag‘ishlab qurilganligini, keyinchalik maqbaraga temuriylar oilasiga mansub ayollar va bolalar dafn etilganligini inobatga olib, uni “Ashratxona” deb emas, “Temuriylar maqbarasi” yoki “Sulton Xovand Bika” maqbarasi deb atash maqsadga muvofiqdir.
Yodgorlikka oid yagona manba
Yodgorlikka oid yagona vaqf hujjati haqida Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi hujjatlar fondida ma’lumotlar saqlangan. Unga ko‘ra ushbu vaqf hujjati hijriy 868 yil ramazon oyining boshida (1463 yil may) yozilgan bo‘lib, hujjatga boshqa muhrlar qatori Movarounnahr va Xuroson hukmdori Abu Said ibn Sulton Muhammad ibn Mironshoh ibn Amir Temur muhri ham bosilgan. Hujjatda maqbara nomi Sulton Xovand Beka maqbarasi, deb atalgan va Feruza bog‘ining g‘arbiy burchagida Xo‘ja Abdu Darun maqbarasi yonida Amir Jaloliddin Suxrobning qizi Habiba Sulton Begim tomonidan bunyod etilganligi ko‘rsatilgan. Maqbaraga vaqf qilib Samarqanddan Shahrisabzga ketish yo‘lida joylashgan Malik saroyi qishlog‘i yerlarining yarmi berilganligi qayd etiladi. Ushbu vaqf hujjati Samarqand qozisi tomonidan hijriy 870 yil shaabon oyida (1466 yil mart-aprel) tasdiqlangan.
Ikkinchi qavat nima maqsadda qurilgan?
Maqbarada ikkinchi qavat ham mavjud bo‘lib, bunday qurilish uslubi temuriylar davri va undan keyin qurilgan boshqa maqbaralarda uchramaydi. Shu jihatdan ham doim tadqiqotchilar va sayyohlar e’tiborini tortib keladi. Eslatib o‘tilgan vaqf hujjatida ko‘rsatilishicha, ikkinchi qavatda maqbarada dafn etilganlar uchun Qur’on tilovat qiluvchi qori (vaqf hujjatida hofiz deb keltirilgan), nazoratchi va xizmatchi qo‘nim topgan. Qori yiliga 364 fulus va Samarqand katta o‘lchovi bilan hisoblaganda 192 pud g‘alla, nazoratchi 404 fulus va 160 pud g‘alla, xizmatchi 204 fulus va 192 pud g‘alla maosh bilan ta’minlangan. Ushbu mablag‘lar maqbara uchun ajratilgan Malik saroy qishlog‘i yerlaridan kelgan daromad hisobiga qoplangan. Ikkinchi qavat tomi ustida bizgacha yetib kelmagan baland gumbaz qad rostlagan.
Maqbaraning keyingi taqdiri
Yodgorlikning xarobaga aylanishi XVI asrdan boshlanadi. XV asr oxiri – XVI asr boshlarida O‘rta Osiyoda ro‘y bergan voqealar tufayli hokimiyat temuriylardan shayboniylar ixtiyoriga o‘tadi va shu davrdan boshlab maqbaraga bo‘lgan e’tibor pasaya boshlaydi. XVII asrda yodgorlikdagi qabr toshlari unga uzoq bo‘lmagan Abdu Darun qabristoniga ko‘chirilib, eski yozuvlari o‘chiriladi va o‘rniga yangilari yoziladi.

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi fondida saqlanayotgan Rossiya imperatorining arxeologiya komissiyasi arxivi nusxalaridan ma’lum bo‘lishicha, XIX asr ikkinchi yarmida maqbaraning ahvoli yanada og‘irlashadi. Maqbara koshinlari Samarqandga kelgan xorijliklar tomonidan Amir Temur davlati poytaxtidan esdalik sifatida qo‘porib, olib ketila boshlanadi.
Ayni paytda chor ma’murlari maqbara taqdiriga befarq munosabatda bo‘lganligi o‘sha davr manbalaridan ma’lumdir. Samarqandning boshqa yodgorliklari Oqsaroy, Childuxtaron, Hazrat Xizr masjidi qatori Sulton Xovand Beka maqbarasi ham e’tibordan chetda qolib, borgan sari to‘kilib, xarobaga aylanib borayotgandi. Ushbu obidalarni muhofaza etish, ta’mirlash, konservatsiya qilish Imperator arxeologiya komissiya ruxsati va hoxishi bilan amalgan oshirilgan. Komissiya esa maqbarani o‘z holiga tashlab qo‘ygan edi. Masalan, 1897 yildagi yer silkinishi vaqtida maqbara kuchli zarar ko‘rib, to‘rtta hujrasi (xona) qulab tushadi. 1902 yilda esa ikkita xona gumbazi qulab tushadi va faqatgina qurilish fasadi saqlanib qoladi. Binoning qolgan qismi g‘isht va sement uyumidan iborat tepalikka aylanadi.
Maqbaraning o‘rganilishi
Maqbara haqida dastlabki tadqiqotlar nemis sharqshunosi, arxeolog va san’atshunos Fridrix Sarr (1865-1945) nomi bilan bog‘liq. Olim turli yillarda Turkiya, Yaqin Sharq, Eron va O‘rta Osiyoda bo‘lib, noyob fotosuratlar yig‘adi. Ushbu fotojamlanma orasida Sulton Xovand Beka maqbarasiga tegishli suratlar ham bo‘lib, olim o‘zining fotojamlanmasini 1899 yilda Berlinda, 1903 yilda Parijda o‘tkazilgan ko‘rgazmada namoyish etadi. Fotojamlanmani keyinchalik imperator Fridrix muzeyiga topshiradi.
O‘tgan asrning 20-yillarida O‘zbekiston hududida tadqiqot olib borgan Ernst Kon-Viner tomonidan 1930 yilda Berlinda chop qilingan “Turon: O‘rta Osiyoda islom me’morchiligi” asarida ham maqbaraning bir necha fotosuratlari keltirilgan.
Maqbara turli yillarda o‘zbekistonlik olimlar G.Pugachenkova va M.Massonlar tomonidan o‘rganilgan. Ayniqsa, G.Pugachenkova o‘zining 1976 yilda chop qilingan “Markaziy Osiyo XV asr me’morchiligi” asarida asosan temuriylar me’moriy yodgorliklarini tadqiq etar ekan, Sulton Xovand Beka maqbarasi va Hirotda 1438 yilda qurib bitkazilgan Gavharshodbegim maqbaralarining o‘xshash va faqrli tomonlariga to‘xtalgan. Shuningdek, maqbaraning chizmalari olinib, qurilgan vaqtdagi holati bo‘yicha ilmiy xulosalarni ilgari surgan.
Amerikalik olimlar L. Golombek va D. Vilberlar ham o‘zlarining 1988 yilda chop etilgan “Eron va Turondagi temuriylar me’morchiligi” asarlarida Sulton Xovand Beka maqbarasi me’moriy jihatdan Gavharshodbegim maqbarasiga o‘xshash ekanligini qayd etgan. 1457 yilda Hirotni qo‘lga kiritgan Abu Said ibn Sulton Muhammad o‘z qizi uchun qurilajak maqbara uchun Gavharshodbegim maqbarasidan andaza olgan bo‘lsa ajab emas.
2007 yilda maqbarada Germaniyaning Potsdam amaliy san’at maktabi va Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti talabalari ishtirokida doktor Shteffen Laue rahbarligida tadqiqot olib borilgan. Tadqiqot davomida maqbara devoriy suratlari va sopol qoplamalaridan namunalar olinib, laboratoriya sharoitida ularda ishlatilgan ranglarning mikrokimyoviy tahlillari olinadi. Olingan tahlillarga tayangan holda maqbara devorlaridagi bezaklarda ishlatilgan ranglarning dastlabki holati haqida tasavvur hosil qilish maqsadida maqbara devori me’moriy bezaklarining bir qismi restavratsiya qilinadi.
2009 yilda Germaniyalik olim Veymar universiteti Me’morchilik tarixi kafedrasi professori Yens Yordan tomonidan Drezden universiteti talabalari uchun Samarqandda amaliy mashg‘ulot tashkil etiladi. Mashg‘ulot davomida talabalar Sulton Xovand Beka maqbarasini restavratsiya qilish va undan foydalanish muammolari bilan shug‘ullanishadi. Erishilgan amaliy natijalardan foydalanib, maqbarada kichik muzey majmuasini tashkil qilish loyihasini ishlab chiqadilar. Xususan, muhandislik kommunikatsiyalari va ko‘rgazma binolarini joylashtirish orqali maqbaraning Sadriddin Ayniy ko‘chasiga yaqin qismini transport shovqinidan to‘sish, bu joyda dam olish muhitini yaratish uchun takliflarni ilgari suradilar. Ushbu tadqiqot natijasida Sulton Xovand Beka maqbarasi modellari va virtual 3D-tasvirlari bilan bir qatorda, bu yerda Samarqand yodgorliklarini tiklash tarixi haqida doimiy ko‘rgazmani tashkil etish ham taklif qilingan edi.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, Sulton Xovand Beka maqbarasi azaldan sayyohlar, olimlar va tadqiqotchilar e’tiborini tortib kelgan. Ayni paytda maqbaraning tom qismi yopilgan, ya’ni maqbara qisman konservatsiya qilingan. Ammo, bu maqbaraning muzeylashtirilganligini anglatmaydi. Sodda qilib aytganda, rosmana muzeyda sayyohlar uchun qanday qulayliklar va xizmatlar mavjud bo‘lsa, ushbu maqbarada ham shunday sharoitlarni yaratish zarur. Maqbara me’moriy yechimlari nuqtai nazaridan, nafaqat O‘zbekiston hududida, balki Markaziy Osiyoda ham yagona inshoot bo‘lib, maqbarani muzeylashtirish nafaqat uni saqlab qolishda, balki, Samarqandga sayyohlar tashrifini oshirishda ham muhim ahamiyatga egadir.
Maxmudxon YUNUSOV,
muzeyshunos.
O‘zA.