Samarqanddagi 285 masjidda hayit namozi o‘qildi
Bugun butun musulmon olamida bo‘lgani singari yurtimizda Qurbon hayiti bayram sifatida keng nishonlanmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi ko‘rsatmasiga asosan, jome masjidlarida hayit namozi ibodatlari ado etildi. Jumladan, Samarqand viloyatidagi 285 ta masjidda hayit namozi o‘qilishi rejalashtirilib, ularda namozxonlar uchun zarur shart-sharoit yaratildi.
Samarqand shahridagi "Namozgoh" masjidida hayit namozida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo Sattorov ishtirok etib, viloyat ahlini Qurbon hayiti bilan tabrikladi.
[gallery-17889]
Kuni kecha davlatimiz rahbarining xalqimizga yo‘llagan bayram tabrigidagi ezgu tilaklar, haroratli dil so‘zlari yana bir bor yodga olindi. Ayni paytda samarqandlik ming nafarga yaqin yurtdoshimizning Saudiya Arabistonida muborak haj ziyoratini amalga oshirayotgani qayd etildi.
Namoz yakunida yurtimizdagi tinchlik barqaror bo‘lishi, xalqimizga farovonlik tilab duolar qilindi.
Bayram arafasida viloyatda hokimliklar, saxovatpesha kishilar tomonidan mahallalardagi ehtiyojmand oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va bemorlar holidan xabar olinib, ularga muruvvat yordamlari ko‘rsatildi. Bu xayrli yumushlar bugun ham davom etadi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari