Samarqandda zamonaviy IT-park qurilishi boshlandi
Samarqand shahrida IT sanoati inkubator binolarini qurish loyihasiga start berildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Samarqand viloyat hokimligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT-park kuzatuv kengashi rahbarlari, loyihaning bosh pudratchisi – Xitoyning O‘zbekistondagi “Shanghai Construction Group” kompaniyasi vakillari ishtirok etdi.
– Ushbu zamonaviy IT parkning qurilishi raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, shuningdek, axborot texnologiyalari bo‘yicha iqtidorli yosh mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi, – dedi Samarqand viloyat hokimi A.Boboyev. – Majmuada startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlash uchun barcha shart-sharoit yaratiladi. Bu esa hududda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va iqtisodiyot tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
[gallery-26856]
IT inkubatsiya markazi bir gektarga yaqin maydonni egallagan bo‘lib, loyiha EPC+F (muhandislik, ta’minot, qurilish + moliya) modeli asosida Xitoyning O‘zbekistondagi “Shanghai Construction Group” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Xalqaro miqiyosda tajribaga ega ushbu ko‘p tarmoqli qurilish kompaniyasi “Fortune Global 500”, ya’ni dunyoning eng kuchli kompaniyalari 500 taligida 354-o‘rinni, dunyoning eng yirik pudratchilari reytingida esa sakkizinchi o‘rinni egallagan. 2024 yilda uning daromadi 41 milliard AQSH dollarini tashkil etgan.
– 2019 yilda O‘zbekiston bozoriga kirib kelgan kompaniyamiz EPC+F modeli asosida “Toshkent city”, SQB, ASAKA va ALOQA banklari bosh ofis binolari loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirdi, – deydi “Shanghai Construction Group” kompaniyasi bosh direktori Pang Shengjian. – Samarqand IT-sanoati inkubator binolarini qurish loyihasini ham muvaffaqiyatli qurib bitkazamiz, degan umiddaman. Loyiha ishga tushgach, mahalliy yoshlarga yuqori sifatli ish o‘rinlari yaratiladi, mintaqaviy iqtisodiy tuzilmani takomillashtirish va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish rag‘batlantiriladi, shu bilan birga Samarqandning zamonaviylashuv jarayoniga turtki bo‘ladi.
– Ushbu loyiha “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilab berilgan vazifalar doirasida amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Jamshid Egamberdiyev. – Loyiha mintaqaviy raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, innovatsion sohalarni shakllantirish va yosh iqtidorli mutaxassislarni tayyorlashga zamin yaratadi. Shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, raqamli sanoat infratuzilmasi va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlar