Samarqandda yoshlar media markazi ochildi
Shahardagi Yoshlar markazida tashkil etilgan mediaolam O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan zamonaviy texnika va kompyuter jamlanmalari bilan ta’minlandi.
O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev media markaz bugungi axborot asrida yoshlarning bu boradagi qiziqish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
- O‘zbekiston jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetida o‘qish jarayonida amaliyot o‘tash maqsadida televideniyega borardik, - deydi Samarqanddagi “Yosh jurnalistlar maktabi” rahbari, media markaz tashkilotchisi Naima Po‘latova. – U yerga kirish uchun soatlab kutgan paytlarimiz bo‘lgan. Bugun esa bu muammolarga yechim bor. Nafaqat poytaxtda, balki viloyatimiz markazida ham bo‘lajak jurnalistlar amaliyot o‘tashlari uchun imkoniyatlar yaratilmoqda. Markazda suhbatlar o‘tkazish, ko‘rsatuvlar tayyorlash uchun studiya tashkil etildi. Bu markazdan ijodkor yoshlar, jurnalistlar, blogerlar, axborot texnologiyalariga qiziquvchi yigit-qizlar bemalol foydalanishi mumkin.
G‘.HASANOV, O‘zA