Samarqandda yoshlar festivali boshlandi
Yoshlar masalalari bo‘yicha respublika idoralararo kengashi tomonidan joriy yilning 18-25 dekabr kunlari mamlakatimizda “Yoshlar festivali” tadbirlari o‘tkazilishi belgilandi.
Bugun Samarqand viloyatida ham mazkur tadbir festival maqsad-vazifalari haqida ommaviy axborot vositalari vakillariga ma’lumot berish maqsadida matbuot anjumani bilan boshlandi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari X.Ochilovning ta’kidlashicha, yoshlarning taklif-istaklari va qiziqishlarini o‘rganish, muammolarini hal etishda ko‘maklashish, iqtidorli va ilg‘or, shuningdek, noformal qatlamga mansub yoshlarni Vatan ravnaqi va xalq farovonligi yo‘lida birlashtirish, 2021 yilda mamlakatda yoshlar siyosati yo‘nalishidagi rejalarni belgilab olish mazkur festivalning asosiy maqsadi hisoblanadi.
– Festival “Yoshlar bilan samarali muloqot yaratish, ularning taklif-istaklarini o‘rganish va birgalikda xal etish”, “Yoshlarning ta’lim-tarbiyasi va intellektual qobiliyatlarini qo‘llab-quvvatlash”, “Yoshlarning madaniyat, adabiyot va san’at cohasidagi iqtidorlarini rivojlantirish” kabi olti yo‘nalishdagi o‘nlab tadbirlarni qamrab oladi – dedi X.Ochilov. – Bunda asosiy e’tibor hokimlar va sektor rahbarlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mutasaddi idoralar mas’ul shaxslari bilan yoshlarning uchrashuvlarini tashkil etish, ularning muammo va kamchiliklarni eshitish, o‘rganish va hal qilishga qaratiladi.

Shuningdek, yoshlarning huquqiy bilim va madaniyati oshirish maqsadida huquq-tartibot idoralari, adliya organlari mas’ul xodimlari, taniqli huquqshunoslar bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi. Tadbirkorlik ko‘niklarini oshirish uchun bank va moliya idoralari vakillari tomonidan mahorat saboqlari tashkil etiladi. Festival tadbirlaridan turli tanlova viktorinalar, sport musoqabalari ham o‘rin olgan.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, tadbirlar sektorlar mahallalar va ta’lim muassasalarida belgilangan karantin qoidalariga rioya qilingan holda tashkil etiladi. Festival yakunida hokimlarning “2021 yilda yoshlar hayoti” bo‘yicha taqdimoti o‘tkaziladi.
G‘.HASANOV, O‘zA